Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 18:02 Chop etish versiyasi

Chust tumanida bir guruh uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga arzon uy-joylar topshirildi

Namangan viloyati Chust tumanida uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarning bir guruhiga yangi barpo etilgan ko‘p qavatli arzon uylardan xonadonlar kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlariga muvofiq, aholining keng qatlami uchun zamonaviy va shinam turar joylar bunyod etilib, kam ta’minlangan va yosh oilalar, yolg‘iz keksa va nogironlar imtiyozli ravishda uy bilan ta’minlanmoqda.

Ushbu hujjatlar asosida joriy yilda Namangan viloyatida yigirmaga yaqin uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz imtiyozli ipoteka krediti asosida uy bilan ta’minlanadi. Boshlang‘ich badal Prezidentimiz tomonidan to‘lab berilayotgani ularni yanada xursand qilmoqda.

Chust tumanining Sabzazor massivida barpo etilgan ikki qavatli, 64 xonadonli to‘rtta uy foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat, tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Kuchli ijtimoiy himoya, kam ta’minlangan oilalar va nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.

Imtiyoz asosida uy-joyga ega bo‘lganlar orasida Mehnatobod mahallasida yashovchi I guruh nogironi N.Najmiddinov ham bor.

– Uch farzandimiz bilan bir xonali ta’mirtalab uyda yashar edik, – deydi uning turmush o‘rtog‘i Z.Najmiddinova. – Bugun bizga barcha sharoitlari mavjud zamonaviy uyning 3 xonali xonadoni topshirildi. Quvonchimiz ichimizga sig‘mayapti. Endi biz ham ko‘p qatori farovon, emin-erkin hayot kechiramiz. Davlatimizning g‘amxo‘rligini qarangki, menga yangi tikuv mashinasi tuhfa qilib, kasanachi sifatida “Chust paxta tozalash” korxonasiga ishga ham qabul qilishdi. Bunday g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Qiziltepa qishlog‘ida yashovchi II guruh nogironi M.Mehmonova, Baymoq qishlog‘ida yashovchi II guruh nogironi Munavvar Madaminova ham Sabzazor massivida bunyod etilgan zamonaviy uylarga ko‘chib o‘tdi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
2 451






Все о погоде - Pogoda.uz