O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 20:19 Chop etish versiyasi

Chorak asr sarhisobi

Chorak asr sarhisobi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida Yongʻin xavfsizligi institutining 25 yilligiga bagʻishlab tantanali tadbir tashkil etildi.

Senatorlar, deputatlar, vazirlik masʼul xodimlari, soha mutaxassislari, Yongʻin xavfsizligi instituti professor-oʻqituvchilari va kursantlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yongʻin xavfsizligi sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud muammolar va yongʻinga qarshi muhofazani kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berayotgani taʼkidlandi.

Oʻtgan davrda mazkur taʼlim dargohida 7 ming 500 nafardan ortiq malakali mutaxassislar tayyorlanib, ular ayni paytda fuqarolarning hayoti, mol-mulkini yongʻindan himoya qilishda jonbozlik koʻrsatmoqda. Institut professor-oʻqituvchilari tarkibida 2 akademik, 5 fan doktori va 20 ga yaqin fan nomzodlari faoliyat koʻrsatmoqda. “2017-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi muammolar va dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan ilmiy izlanishlarni rivojlantirish strategiyasi” asosida soha olimlari 14 yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Tadbirda institutda samarali faoliyat olib borayotgan bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

– Bayram munosabati bilan sohada olib borgan izlanishlarim yuqori baholanib, yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan xursandman, – deydi institutning yongʻin xavfsizligi masalalari boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi boshligʻi, texnika fanlari doktori Shuhrat Qurbonboyev. – Taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashish, ilmiy-tadqiqot ishlar samaradorligini oshirish asosiy vazifamiz. Bizga bildirilgan yuksak ishonch bu boradagi faoliyatimizni yanada jonlantiradi, albatta.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligining ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Abdulaziz Musayev, Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA