Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 14:48 Chop etish versiyasi

Chirchiq shahri, Bo‘stonliq va Qibray tumanlarida uyushmagan yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazildi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Bo‘stonliq va Qibray tumanlarida “Yoshlar – kelajak tayanchi” loyihasi doirasida uyushmagan yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan Prezidentimizning 2017-yil 12-iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” degan ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan muloqotda partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari xodimlari, tuman va shaharlar hokimliklari mas’ullari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari vakillari mahallalarda bo‘lib, uyushmagan yoshlar bilan suhbatlashdi.

Partiyaning jamoatchilik qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar asosida deputatlar tomonidan joylarda jinoyatga moyil, jazoni o‘tab chiqqan, ota-onasi uzoq muddatga chet elga ketgan farzandlar, turli ekstremistik oqimlarga bilib-bilmay qo‘shilib qolgan yoshlarning yashash sharoiti o‘rganildi.

– Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Darxonov. – Bugungi tadbir doirasida Chirchiq shahrida yashaydigan 22 nafar uyushmagan yosh ish bilan ta’minlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand va imkoniyati cheklangan yoshlarga esdalik sovg‘alari, o‘quv qurollari va kitoblar tarqatildi.

Tadbirlarda yoshlarning muammolari o‘rganilib, hamkor tashkilotlar mutasaddilari bilan birga muhokama qilindi.

Partiya faollari tomonidan “Yoshlar – kelajak tayanchi” loyihasi doirasida joylarda “O‘z bolangni o‘zing asra!”, “Komil farzand tarbiyasi – ota-ona farzi”, “Farzand tarbiyasida muqaddas qadriyatlarning o‘rni”, “Yoshlar ma’naviyatini oshirishda kitobxonlik” va “Ma’naviy muhit sog‘lomligi – jamiyat farovonligining muhim omili” kabi mavzularda yoshlar bilan doimiy suhbatlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 279






Все о погоде - Pogoda.uz