O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Chiqindilarni boshqarish sohasida klasterlar duch kelayotgan muammolar hal bo‘ladimi?

Chiqindilarni boshqarish sohasida klasterlar duch kelayotgan muammolar hal bo‘ladimi?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kunlik tashlanayotgan maishiy chiqindilarning faqat uchdan bir qismi qayta ishlanadi. Shu bois chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Maishiy chiqindilarni qayta ishlash haqida so‘z borar ekan, davlatimiz rahbari xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va keng joriy etish zarurligini bir necha bor ta’kidlagani bejizga emas.

Bugun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan chiqindilar muammosi migratsiya va aholi sonining o‘sib borishi, iste’mol evolyusiyasi, ekologik savodsizlik kabi omillar hisobiga yanada chuqurlashmoqda. Shuning uchun qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda infratuzilma bilan birga texnologiya tanlash masalasiga mas’uliyat bilan yondashish lozim. Zero, bu inson salomatligi va tabiat muhofazasi bilan chambarchas bog‘liq.

Prezidentning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning 9 ta markaziy shahrida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks boshqarish klasterlari tashkil etildi. Bu borada Surxondaryoda joylashgan klaster faoliyati namuna bo‘la oladi. Shuningdek, Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladigan chiqindini qayta ishlash loyihalari bo‘yicha investorlar bilan bitimlar imzolash, loyiha hujjatlarini tayyorlash va moliyalashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ham ishlab chiqildi.

Mazkur klasterlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan maxsus texnika va texnologik uskunalar xarid qilish uchun jami 39,2 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Loyiha doirasida maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash uskunalari hamda maxsus texnikalar olib kelindi. Jumladan, 79 ta texnologik qayta ishlash va saralash uskunalari, 360 ta maxsus texnika keltirildi. Loyihalar doirasida 9 ta chiqindilarni qayta ishlash zavodining qurilish ishlari yakunlanib, saralash va qayta ishlash uskunalari ishga tushirildi.

Bugungi kunda mazkur klasterlar tomonidan ularga biriktirib berilgan hududlardagi 1,7 million aholiga maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, klasterlarning tashkil etilishi natijasida qo‘shimcha 1 ming 375 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Biroq ushbu klasterlar duch kelayotgan bir qator muammolar ham bor. Davlat ekologiya qo‘mitasida ularni muhokama qilish va muammolarga yechim izlash yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda klasterlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tashib ketish xizmatlari uchun belgilangan tariflar qiymatlari amaldagi xarajatlardan past. Budjet tashkilotlari xarajatlar smetasiga maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlar yetarli darajada kiritilmagan. Loyiha kam daromadli va ijtimoiy ahamiyatga ega ekani bois, olingan kreditlarni qaytarish muddatini uzaytirish zarur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, 2019 yilning 9 oylik natijalariga ko‘ra, aholiga ko‘rsatilgan sanitar tozalash xizmatlari uchun 15,8 milliard so‘m undirilmay qolgan qarzdorlik bor. Hududlarda noqonuniy ikkilamchi xomashyo qabul qilish shoxobchalari faoliyat yuritgani nosog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirmoqda. Loyiha asosida bugunga qadar chiqindilarni qayta ishlash texnologik uskunalari to‘liq yetkazib berilmagan, yetkazib berilganlarining ham salmoqli qismi o‘rnatilib, ishga tushirilmagan. Shu tufayli yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etish yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilishi, mavjud muammolarga birgalikda yechim topish yuzasidan kelishib olindi.

– Maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirish hamisha dolzarb masala hisoblanadi, – deydi Buxoro viloyati Buxoro, Kogon shaharlar, Buxoro tumanida chiqindilar bilan bog‘liq sohadagi ishlarni amalga oshiruvchi klaster "Aholi trans" MChJ ta’sischisi Nasriddin Rashidov. – Atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, bu borada idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish payti keldi. Mamlakatimizdagi ekologik va atrof-muhit holatini baholashning aniq ko‘rsatkichlariga asoslangan ma’lumotlar bazasi yaratilishi kerak. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda ishlayotgan klasterlarda uchrayotgan muammolar tizimli ravishda bartaraf etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Maqsadimiz chiqindilarni qayta ishlab, daromad olish emas, balki tabiatni sof holda saqlash va kelgusi avlodga qoldirishdir.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning barchasi inson salomatligi, millat genofondini asrashga, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Sohadagi infratuzilmaning qoniqarsiz holatda ekanligi, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga muvofiq kelmasligi mazkur sohada kompleksli chora-tadbirlarni qabul qilishni talab etmoqda. Bu jarayonda aholining ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida keng ko‘lamli targ‘ibot faoliyatini tashkillashtirish muhimdir.

429
Abdulaziz MUSAEV, O‘zA