O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Chiqindi tashlayotganlarga qonuniy chora koʻrilmoqda

Chiqindi tashlayotganlarga qonuniy chora koʻrilmoqda

Keyingi paytlarda mamlakatimizdagi kanallar atrofini obodonlashtirish, bu yerlarda odamlar dam oladigan, bolalar choʻmiladigan soʻlim va xavfsiz hududlar tashkil etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Endilikda kanallarni sanitar tozalashga alohida eʼtibor qaratilib, ularga tutash hududlar obodonlashtirilmoqda. Bundan tashqari, kanallarning shahardan oʻtadigan qismini rekonstruksiya qilish, qirgʻoq boʻylarida zamonaviy landshaft meʼmorchiligi usullarini qoʻllagan holda rekreatsion hududlarni shakllantirish, maxsus texnika va asbob-uskunalardan foydalanish samaradorligini oshirish kabi ishlar bajariladi. Ushbu saʼy-harakatlardan koʻzlangan maqsad aholi dam olishi va hordiq chiqarishi uchun “Suv boʻyi sayilgohlari” infratuzilmasi yaratilishiga erishishdir.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning atrofidan oʻtuvchi ayrim kanallarga noqonuniy ravishda chiqindilarni toʻkish holati aks etgan video tasvirlar tarqalayotgani kuzatilmoqda. Bu kabi salbiy holatlarni oʻz vaqtida bartaraf qilish, qonunlarni buzgan shaxslarga tegishli chora koʻrish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 25-mart kuni Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiya, Toshkent shahar prokuraturasi, Toshkent shahar hokimligining kanallardan foydalanish va ularning tutash hududlarini obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari, Yunusobod tumani Oqtepa mahallasi masʼullari va profilaktika noziri ishtirokida “Boʻzsuv” kanaliga noqonuniy ravishda chiqindilarni toʻkish holati boʻyicha oʻrganish olib borildi. Unga koʻra, Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashovchi fuqaro M.F.ga tegishli boʻlgan yuk mashinasi va poytaxtimizning Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro X.B.ga tegishli boʻlgan yuk mashinasi yordamida noqonuniy ravishda chiqindilar olib kelinganligi aniqlandi. Mazkur holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, huquqbuzarlarning har biriga “Boʻzsuv” kanaliga chiqindilarni tashlaganligi uchun qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

Toʻkilgan chiqindilar huquqbuzarlar tomonidan tozalanib, salbiy holat bartaraf etildi.

Shuningdek, Chirchiq daryosi muhofaza hududida noqonuniy chiqindixonalarning yuzaga kelgani, ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar hamda fuqarolar tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya etilmagani yuzasidan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar paydo boʻlmoqda.

Qoʻmita tomonidan muammoni samarali hal etish maqsadida Chirchiq daryosining muhofaza zonasida joylashgan obyektlar xatlovdan oʻtkazilganda maʼlum boʻldiki, Toshkent viloyatida Chirchiq daryosining 250 metrlik muhofaza mintaqasida 2 ming 652 ta ishlab chiqarish va avtotransport korxonasi, dala hovlilar, oshxona va restoranlar va boshqa obyektlar joylashgan.

Davlat inspektorlari tomonidan reyd tadbirlari tashkil etildi. Xususan, 14-mart kuni Qibray tumani “Chingeldi” MFY hududida Chirchiq daryosiga nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda toʻkib ketilgan (taxminan 50 ta mashina) qurilish va maishiy chiqindilar tozalanib, 1 gektarga yaqin maydonda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun “Toshvilyoʻlsanoat” va “Avtoyoʻl” aksiyadorlik jamiyatlarining texnikalari jalb etildi. Bundan tashqari, 16-mart kuni Qibray tumanidagi “Rohat” va Yuqori Chirchiq tumanidagi “Bolta” MFY hududidan oʻtuvchi Chirchiq daryosining 2 kilometr masofasida chiqindilardan tozalash va obodonlashtirish ishlari oʻtkazildi. 20-mart kuni mutasaddilar tomonidan ekologik reyd olib borilganida, xuddi shu mahallada Parkent tumanida yashovchi fuqaro S.U tomonidan yuk mashinasida qurilish chiqindilari olib kelinib, noqonuniy ravishda Chirchiq daryosining muhofaza zonasiga toʻkilayotgani aniqlandi. Holat boʻyicha fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

– Bugungi kunda qoʻmitamiz tomonidan mazkur hududda obodonlashtirish ishlarini tizimli olib borish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etilgan, – deydi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi yetakchi mutaxassisi Sobirjon Mashrabov. – Ular tomonidan Chirchiq daryosining Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan oʻtuvchi qismi nazoratga olindi. Daryo atrofida joylashgan korxonalar, maishiy xizmat koʻrsatuvchi majmualar va mahalliy aholiga chiqindilarni tashlamaslik boʻyicha ogohlantirishlar berilmoqda. Xususan, 20 dan ortiq fuqaro chiqindi tashlash, suv va suvdan foydalanish qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortildi. Mazkur ishlarni amalga oshirishda mahalliy hokimliklar bilan tegishli ravishda hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Rejaga koʻra, joriy yilning 4-apreliga qadar nazoratimizdagi hudud chiqindilardan tozalanadi. Hozirgacha 10 ming tonnadan ortiq zararli chiqindi olib ketildi.

Mutaxassislarining taʼkidlashicha, obodonlashtirish, aholi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlari oʻtkazilayotgan boʻlsa-da, ayrim korxonalar tomonidan qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash holatlari hali ham uchramoqda. Sabab Toshkent shahri va uning atrofida qattiq chiqindilarini tashlaydigan maxsus yer ajratilmaganidir. Qoʻmita tomonidan bu masalaga ijobiy yechim topish maqsadida mahalliy hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilingan. Agar joy berilsa, qattiq chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish imkoni boʻladi. Aholi uchun ham qulaylik yaratiladi.

Joylarda reyd tadbirlari davom etmoqda.

308
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA