O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Chinozda yetishtirilgan ilk organik paxta jahon bozoriga chiqish sertifikatiga ega boʻldi

Chinozda yetishtirilgan ilk organik paxta jahon bozoriga chiqish sertifikatiga ega boʻldi

Toshkent viloyatidagi «Textile technologies group” korxonasiga qarashli Chinoz paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri maydonida ilk bor organik paxta yetishtirildi.

–Organik paxtani yetishtirish jahon boʻyicha keng tarqalgan, – dedi Chinoz paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri mutaxassisi Tursunboy Komilov. – Albatta, biz uchun bu ish yangilik. OʻzFA olimlari va xorijlik mutaxassislar hamkorligida bu yil shu ishga qoʻl urildi. Hozir Chinoz tumanining 217 gektar maydonida ilk bor organik paxta yetishtirildi. Organik paxpa parvarishi uchun kimyoviy va mineral oʻgʻitlar ishlatilmay, aksincha, biomahsulotlar ishlatildi. Kutilgan natija esa aʼlo darajada. Hosildorlik ham yuqori, har bir gektaridan 30 sentnerdan hosil olinmoqda. Hatto organik paxta chigitidan ekologik toza yogʻ olish imkoniyati ham paydo boʻldi. Eng muhimi, joriy yilning oktyabr kuni biz yetishtirgan organik paxta xalqaro ekologik talablarga toʻliq javob berishi toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻldi. Endi buning natijasida mahsulotni jahon va Yevropa bozoriga eksport qilish imkoni paydo boʻladi.

Yetishtirilgan organik paxtaning sifat darajasini aniqlash maqsadida Bolgariyadan yurtimizga kelgan “Control union” tashkiloti inspektor-auditori Yekaterina Tomeva mahsulotga yuqori baho bergan. Uning fikricha, mahsulotdan nafaqat oliy navli tola, balki chigitidan ekologik toza paxta yogʻi olish mumkin. Mahsulot jahon va Yevropa bozorida sifati boʻyicha bozordagi narxi bir yarim barobar qoʻshimcha qiymatga ega.

Bu mahsulot haqida yana bir muhim maʼlumot shuki, joriy yilning 8-oktyabrida Chinozda yetishtirilgan organik paxta Yevropa bozoriga chiqish sertifikatiga ega boʻldi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va mazkur korxona hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun uyushtirilgan press-tur jarayonida bu kabi yutuqlar haqida maʼlumot berildi

Ular klaster maydonida yetishtirilgan organik paxta hosilini oʻz koʻzlari bilan koʻrdi hamda terimchilar bilan suhbatda boʻldi.

Tanishuv paytida jurnalistlarga maʼlum qilishicha, kelgusi yil 1150 gektar yerda organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish koʻzda tutilgan. Shundan 600 gektarida organik paxta, qolgan maydonida esa organik bugʻdoy yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Organik paxta hosili haqida maʼlumotlar olgan OAV vakillarini tashkilotchilar “Textile technologies group” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasiga taklif qildi.

Korxonada chindan ham ish qizgʻin ekan. Besh yuz nafar ishchi-xodimdan iborat jamoaning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.

Ushbu "Textil Technologies Group» MCHJ shaklidagi xorijiy korxona 2010-yilda tashkil etilgan boʻlib, u 2013-yildan boshlab oʻz ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Asosiy faoliyati kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonaning yillik quvvati 5400 tonnani tashkil etadi. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoy, Turkiya, Eron, Koreya davlatlariga, shuningdek, Rossiya, Belarus va Qirgʻizistonga eksport qilinadi.

–Davlatimiz tomonidan toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishda klaster faoliyatini keng joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda, –dedi mazkur korxona direktori Dilshod Tojiboyev. – Shundan kelib chiqib, biz uchun Toshkent viloyati Chinoz tumanida klaster asosida paxta xom ashyosini yetishtirish maqsadida 7 ming gektar yer maydon ajratildi. Ushbu yer maydonidan 5 ming 700 gektarda Chinoz fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari asosida va 1 ming 300 gektarda klaster asosida paxta hosili yetishtirilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, korxona jamoasining kelgusi rejalari yanada ulkan. Masalan, korxonaning faoliyatini takomillashtirish uchun 11 loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Bunda paxtani yetishtirishdan to tayyor mahsulotgacha qayta ishlash texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.

4 751
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA