Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.07.2018 15:14 Chop etish versiyasi

Chilim va elektron sigaretalar chekishga qanday tartibda taqiq qo‘yildi?

Chilim va elektron sigaretalar chekishga qanday tartibda taqiq qo‘yildi?
Prezident 2018-yil 2-iyulda “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi.

Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan ushbu Qonun fuqarolarning sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Chilim nima?

28dc4b4d9da1bc411d722a7072d162f0.jpg

Chilim tamaki chekish yoki tarkibida tamaki bo‘lmagan chekiladigan qorishmani (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) iste’mol qilish uchun foydalaniladigan asbob bo‘lib, unda aerozol (bug‘) yoki tutun suyuqlik solingan idish (chilim suvdoni) orqali o‘tadi.

Chekiladigan qorishma nikotinsiz qorishmadan, chekiladigan mevali aralashmadan, shuningdek, ularning oziq-ovqat tolalari asosida tamaki barglarini hamda boshqa tarkibiy qismlarni qo‘shmasdan va qo‘llamasdan yaratilgan, tarkibiga kelib chiqishi tabiiy yoki sun’iy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradigan o‘xshash turlaridan iborat.

Tutatqi qiyom glitserin, turli o‘simliklarning ekstraktlari, eritkichlar va xushbo‘y moddalar asosidagi tamakisiz mahsulot hisoblanadi.

Tutatqi tosh esa kelib chiqishi mineral asosga ega bo‘lgan, xushbo‘y qiyom shimdirilgan, nikotinsiz g‘ovaksimon mahsulot.

Elektron sigareta nima?

Elektronnaia_sigareta_Depositphotos_d_850.jpg

Elektron sigareta – nikotinni yoki nikotinsiz mahsulotni yetkazish vositasi sifatida foydalaniladigan, nafas olib yutish uchun mo‘ljallangan aerozol (bug‘) hosil qiladigan elektron moslama.

Odamning nafas olish tizimiga nikotinni yoki nikotinsiz mahsulotni yetkazib beruvchi elektron tizimlarning iste’mol xususiyatlari va iste’mol qilish usullari elektron sigaretaga o‘xshash bo‘lgan boshqa turlari ham elektron sigaretaga tenglashtiriladi.

Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni 
cheklashga doir chora-tadbirlar nimalardan iborat?

Ushbu norma Qonunning 5-moddasida o‘z aksini topgan. Xususan, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘ymaslik;

chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama hamda targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;

jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni hamda ularning majburiyatlarini belgilash;

jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish;

jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Shuningdek, qonun hujjatlarida jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.

Chilim va elektron sigaretalar qayerlarda
chekishga yo‘l qo‘yilmaydi?

Yd9fO40kXVcuYS3Rekj5OBIoTPN37Fn5.jpg

Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq taqiq Qonunning 6-moddasida belgilangan.

Unga ko‘ra, chilim va elektron sigaretalarni:

statsionar savdo obyektlarida, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;

kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;

klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;

muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;

mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan, tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, havo kemalarida;

yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;

aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;

sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;

ish joylari bo‘lgan xonalarda;

ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;

xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek, jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maxsus ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) saqlashga doir talablar, tamakiga va chekiladigan qorishmalarga (tutatqi qiyomga, tutatqi toshga) doir gigiyenik talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.

Chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama 
hamda targ‘ib qilish taqiqlanadi

Qonunning 7-moddasiga ko‘ra,chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama qilish, ya’ni chilim va elektron sigaretalar chekish usullari va yo‘llari, shuningdek, ularni olish joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chilim va elektron sigaretalar chekishni targ‘ib qilish, ya’ni chilim va elektron sigaretalarni chekishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi.

Qonun talablarini amalga oshirishga kimlar mas’ul?

“Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar va ularning majburiyatlari”, deb nomlangan Qonunning 8-moddasida bu jihat mustahkamlab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari (ma’muriyati), shu jumladan, o‘z tasarrufida (mulkida, egaligida, foydalanishida) hududlar, binolar (xonalar), inshootlar va jamoat joylarida joylashgan boshqa obyektlar, shuningdek, ushbu Qonun 6-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalari bo‘lgan shaxslar jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslardir.

Mas’ul shaxslarning vazifalari nimalardan iborat?

jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarishi;

chilim va elektron sigaretalar chekayotgan shaxslarni jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirishi, huquqbuzarlik davom ettirilgan taqdirda esa ichki ishlar organlariga xabar berishi;

hammaga ko‘rinarli joyga, shu jumladan binolarga (xonalarga) kirish joylariga, transport vositalariga va boshqa obyektlarga jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi lavhalarni joylashtirishi shart.

Profilaktika chora- tadbirlarini kimlar amalga oshiradilar?

Qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, ta’lim muassasalari hamda boshqa muassasalar chilim va elektron sigaretalar chekishning salbiy ta’siri profilaktikasi, jamoatchilik ongida chilim va elektron sigaretalar chekishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha kompleks ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy va boshqa choralarni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.

Nazorat ichki ishlar organlarida

Qonunning 10-moddasida jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi belgilangan.

Qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik bor!

Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Qonunning 12-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Qachon kuchga kiradi?

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi 15-moddada belgilangan.

O‘zA
3 543