Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2017 12:06 Chop etish versiyasi

Chevarga yangi uy berildi

Joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida samarqandlik 24 nafar imkoniyati cheklangan, moddiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash maqsadida ularga tikuv mashinalari berilgan edi.

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand viloyati hududiy filiali tomonidan bu xotin-qizlarga tikuv mashinasi bilan birga, yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylardan olishi uchun ish haqidan bo‘nak sifatida uylarning boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berildi.

Narpay tumanining Totkent mahallasida yashovchi I guruh nogironi Sohiba Quvonova ham ana shunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

– Qizimning tikuvchilikka uquvi bor, o‘zim yonimga olib o‘rgatganman, – degandi o‘shanda Sohibaning onasi Zumrad opa. – Qo‘ni-qo‘shniga kiyim-kechak va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari tikib beradi. Yangi, zamonaviy tikuv mashinasi berilishi va namunaviy uy ajratilishi biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Bundan samarali foydalanib, albatta, ishonchni oqlaymiz.

Oradan ikki oy o‘tib, Sohibaga atalgan uy qurilishi yakunlandi. Narpay tumani hokimligi va hududdagi korxonalar yangi uy uchun yangi jihozlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qildi. Chevar qiz onasi bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdi.

– Tikuv mashinasini uyga olib kelib, g‘ayrat bilan ishga kirishdim, – deydi quvonchdan ko‘zlari porlab Sohiba. – Har hafta tuman paxta tozalash korxonasi vakillari zarur xomashyoni keltirib, tayyor mahsulotni olib ketmoqda. Hozirgacha terimchilar uchun mingdan ortiq etak tikdim. Mavsum boshlangunga qadar shartnomada ko‘zda tutilgan miqdorda mahsulot tayyorlab berishga imkoniyatim yetadi. Ayniqsa, yangi uy berilganidan ruhlanib, yana ham ko‘proq va yaxshiroq ishlamoqdaman. To‘g‘ri, men ham zamonaviy uy olishni orzu qilardim, lekin bunchalik tez ro‘yobga chiqishini sira kutmagandim. Qishloq joyda shunday zamonaviy sharoitdagi xonadonda yashash – ishonish qiyin bo‘lgan mo‘jizadek tuyulmoqda menga. Quvonchu hayajonimning cheki yo‘q. Bizning boshimizni silab, otalarcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimizdan minnatdorman.

Sohibaning yangi uyini ko‘rishga viloyat va tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari kelib, uni tabrikladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 507






Все о погоде - Pogoda.uz