O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 19:53 Chop etish versiyasi

Chet davlatga qancha valyuta olib chiqish mumkin?

Chet davlatga qancha valyuta olib chiqish mumkin? Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, mamlakatimizda doimiy yashash joyiga ega boʻlgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 5 ming AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatgan holda erkin olib chiqib ketishiga ruxsat etiladi.

Davlat bojxona qoʻmitasi Axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Toshkent – Olmaota” reysi boʻyicha parvozga shaylangan qoʻshni davlat fuqarosi M.M.ga tegishli sumka belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, undayoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilinmagan 4 ming 924 AQSH dollari yashirilgani maʼlum boʻldi. Shu reysning yana bir yoʻlovchisi, qoʻshni davlat fuqarosi R.N. ham 5 ming AQSH dollarini sumkasiga yashirgancha, bojxona nazoratidan chetlab olib chiqishga uringan paytida toʻxtatib qolindi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona posti orqali respublikamizdan chiqib ketayotgan fuqaro Y.S. choʻntagidagi 12 ming 400 AQSH dollarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilmasdan turib, olib chiqmoqchi boʻlgan. Uning hamrohi M.E ham 10 ming AQSH dollarini choʻntagi va sumkasiga joylagancha noqonuniy olib chiqmoqchi boʻlganda toʻxtatib qolindi.

Xuddi shunday holat “Oybek” chegara bojxona postida ham fosh etildi. Mazkur post orqali qoʻshni davlatga chiqib ketayotgan chet el fuqarosi L.M. yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilmasdan turib, 140 mingRossiya rublini olib chiqib ketayotgan paytida toʻxtatib qolindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettmoqda.

Davron Sunnatov, OʻzA