O‘zA O`zbek

06.09.2018 17:38 Chop etish versiyasi

Chempionga uch xonali uy sovgʻa qilindi

Chempionga uch xonali uy sovgʻa qilindi
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida Buxoro viloyatidan 6 sportchi ishtirok etib, ularning toʻrt nafari yurtimizga sovrindor boʻlib qaytdi.

Viloyat hokimligi tomonidan yozgi Osiyo oʻyinlari qatnashchilarini qutlash marosimi tashkil etildi. Unda viloyat davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar va ularning yaqinlari, yoshlar ishtirok etib, nufuzli musobaqada yuqori natijalarga erishgan sportchilarni gʻalaba bilan qutlashdi.

Milliy kurash musobaqalarida 66 kilogramm vaznda gilamga tushgan Maʼruf Gʻaybullayev finalgacha boʻlgan barcha bahslarda raqiblaridan kuchli ekanini isbotladi. Hal qiluvchi bellashuvda u terma jamoamizning yana bir aʼzosi Ruslan Berdiyevdan ustun kelib, oltin medal bilan taqdirlandi.

Buxoro olimpiya zaxiralari maktab-internati tarbiyalanuvchisi, milliy kurashchi Nurbek Toʻrayev, mazkur muassasaning yana bir vakili sambochi Ahmadjon Rahmatullayev, erkin kurashchi Siroj Hasanov shohsupaning uchinchi pogʻonasidan oʻrin egalladi. Yengil atletikachi Nigina Sharipova va dzyudochi Shahram Ahadovga esa bronza medali uchun bahslarda bir oz omad yetishmadi.

– Gʻalabam sharafiga Vatanimiz bayrogʻi koʻtarilib, madhiyamiz yangraganda menda roʻy bergan hayajon va koʻnglimda kechgan tuygʻularni taʼriflay olmayman. Bu hisni faqat shunday nufuzli musobaqada shohsupaga koʻtarilgan kishigina tuyadi, menimcha, – deydi M.Gʻaybullayev. – Bizning bu yutuqlarimiz zamirida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng sharoit va imkoniyatlar yotadi. Qolaversa, ota-onamiz, ustozlarimizning taʼlim-tarbiyasi, xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etdi. Shuning uchun bu gʻalabamni jonajon Oʻzbekistonimizning Mustaqillik bayramiga bagʻishlayman.

Marosimda sovrindor sportchilarga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Osiyo oʻyinlari oltin medal sovrindori M.Gʻaybullayevga viloyat hokimligi tomonidan Qorakoʻl tumani “Doʻrmon” qishloq massivida zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan ikki sotix yer maydoniga ega uch xonali uy sovgʻa qilindi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.

Erkin Yodgorov, OʻzA
1 668