O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 13:00 Chop etish versiyasi

“Chelak koʻtargan ayol” kartinasining restavratsiyasi boshlandi


Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida A.Shevchenkoning “Chelak koʻtargan ayol” kartinasi restavratsiyasi boshlanganiga oid brifing oʻtkazildi.

Brifingda I.Grabar nomidagi Butunrossiya badiiy ilmiy-restavratsiya va konservatsiya markazidan tashrif buyurgan restavrator Nadejda Koshkina ommaviy axborot vositalari vakillariga ushbu noyob kartinaning holati, restavratsiya jarayoniga oid maʼlumotlarini taqdim etdi.

Joriy yil iyul oyida I.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida yongʻinga qarshi xavfsizlik tizimining kutilmaganda ishlab ketib, suv sachrashi oqibatida “Chelak koʻtargan ayol” kartinasi shikastlangani haqida xabar tarqalgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ushbu noyob kartinani qayta tiklash uchun A.S.Pushkin nomidagi Davlat tasviriy sanʼat muzeyining restavratsiya va konservatsiya boʻlimi rahbari oʻrinbosari, I.Grabar nomidagi Butunrossiya badiiy ilmiy-restavratsiya va konservatsiya markazining tajribali restavratori N. Koshkina taklif qilindi.

Sentyabr oyi boshidan restavratsiya ishlarini boshlagan mutaxassis kartinaning boʻyoqli qatlamidagi zarar yetkazilgan maydon aniqlandi, shuningdek, qator konservatsiyalash jumladan, rasmning shikastlangan qismida buyoq qatlamining eng mayda fragmentlarini yigʻish orqali kartinaning butunligini tiklash ishlari amalga oshirildi.

– Kartinaga zarur konservatsiyalash ishlari amalga oshirilishi natijasida buzilish holati bartaraf etildi. Kartina butunlay tiklanadi, – deydi restovrator N.Koshkina. – Olib borilgan ishlar natijasiga koʻra kartinaning maʼlum qatlamidagi buzilgan joylar koʻlami aniqlandi.

Nadejda Koshkina butun umrini Rossiyaning madaniy merosini saqlashga bagʻishlagan. U dastgohli moyboʻyoq kartinalar boʻyicha yetakchi restavrator sifatida yuzdan ortiq gʻarbiy-yevropalik va rossiyalik rassomlarning kartinalariga qayta hayot bagʻishlagan.

Hozirda “Chelak koʻtargan ayol” kartinasini tiklashning birinchi qismi yakunlandi. Restavratorning taʼkidlashicha, kartinani tiklash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yesimxon Qanoatov, OʻzA