O‘zA O`zbek

10.06.2018 09:34 Chop etish versiyasi

Chekuvchilarga munosabat qaysi davlatda qanday?

Chekuvchilarga munosabat qaysi davlatda qanday?
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi katta yoshdagi aholining uchdan bir qismi chekar ekan. Bu 1 milliard 100 millionga yaqin kishidir. Ularning 200 millionni ayollar ekani aytiladi.

Tahlilchilarning so‘zlariga, ko‘ra har yili chekish 3 million 500 ming kishining umriga zomin bo‘ladi.

f7845054c76e9c2851e44a61a7bd2c2f0531.jpg

Hisob-kitoblarga qaraganda, bir kunda 10 mingga yaqin kishi chekishning qurboniga aylanmoqda. Har yili sayyoramiz aholisi tomonidan bir trillion donadan ortiq sigaret chekiladi. Bu bir yilda 100 milliard dollar mablag‘ xuddi sigaret tutuni kabi havoga uchishini anglatadi. Sigaret tutunidan mashhur kishilar, jumladan, Boris Pasternak, Zigmund Freyd, Uolt Disney, hatto Angliya qiroli Georg to‘rtinchi ham vafot etgani tez-tez esga olinadi.

1990 yilda sigaret sotilishi bo‘yicha badavlat davlatlar hissasiga 38 foiz to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2009 yilda bu raqam 24 foizga kamaydi. Jahonda sotilayotgan sigaretlarning 76 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelar ekan.

Tips To Clean The Lungs Of Smokers (2).jpg

Aholi jon boshiga hisoblaganda, jahonda chekuvchilar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda aholisining 68,2 foizi chekuvchi Mo‘g‘iliston turadi.

Keyingi o‘rinlarda Xitoy (67,8), Keniya (67,1), Kambodja (66,4) va Namibiya (65,1foiz) turadi.

Aholisi 1 milliard 300 milliondan oshgani sababli ham Xitoy chekuvchilar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi. Dunyoaholisining 20 foizi istiqomat qiladigan Xitoyda jahonda ishlab chiqariladigan sigaretlarning 25 foizi chekiladi. Shu sababli bo‘lsa kerak “Osmon osti” mamlakatida chekishga qarshi keskin chora- tadbirlar ko‘rilmoqda. Mamlakatning ko‘plab shaharlarida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan tamaki mahsulotlarini taqiqlash borasida jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

1 milliard 200 million aholiga ega Hindistonda chekuvchilar soni 250 millionga yaqinlashib qolgan. Shu sababli ham bu mamlakatda jamoat joylarida, bar va idoralarda chekish taqiqlandi.

Zimbabveda fermerlarning uchdan bir qismi, ishchilarning 12 foizi tamaki sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi.

18-asr oxiri –19-asr boshlarida papiros ishlab chiqaradigan mashinaning ixtiro qilinishi bilan chekish ommalasha boshladi.

Chekishga bo‘lgan munosabat 1956 yilda birdaniga o‘zgardi. O‘shanda jahonning turli mamlakatlaridagi 40 mingga yaqin shifokor o‘z mijozlarining kasalligiga tamaki aybdor degan xulosaga kelgan edi.

Rossiyada o‘quv, davolash muassasalarida, jamoat transportida va stadionlarda chekish taqiqlangan. Chekayotgan kishilarni reklama uchun suratga olish, tamaki mahsulotlarni televizorda reklama qilish ham mumkin emas. Balog‘atga yetmaganlarga sigaret sotilmaydi. 

AQSHning har bir shtati chekishga qarshi o‘ziga xos kurash olib boradi. 1987 yilning 6 fevralidan mamlakatning barcha hududlaridagi federal binolarda chekish taqiqlandi. Nyu-York shtatida usti yopiq jamoat inshootlarida, xizmat avtomobillarida chekish mumkin emas. Aks holda qonun buzuvchilar 1000 dollar miqdorida jarima to‘laydi.

Italiyada jamoat joylarida chekkan kishilar 250 yevrodan 2000 yevrogacha jarima to‘laydi.

Butan qirolligida chekish qonundan tashqari, deb e’lon qilingan. Sigaret sotganlar 225 dollar miqdorida jarima to‘lashga majbur. Eslatib o‘tamiz, bu mamlakatda o‘rtacha oylik maosh atigi 16 dollarni tashkil qiladi.

Shvetsiyada 1975 yildan keyin tavallud topganlar sog‘lom o‘sishlari uchun “Chekmaydigan avlod” nomini olgan umummilliy kompaniya joriy etilgan. Agar mamlakat yoshlaridan kimdir xorijda o‘qimoqchi bo‘lib, buning uchun davlatdan stipendiya olmoqchi bo‘lsa, u holda chekishni tashlashi kerak bo‘ladi.

Germaniyada sug‘urta to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, chekmaydiganlar 40 foiz kam miqdorda badal to‘laydi.

Belgiyada yopiq jamoat binolarida chekish taqiqlangan bo‘lib, qonunni buzganlar 480 dollar miqdorida jarima to‘laydi.

Gollandiyada 12-16 yoshdagi chekmaydigan o‘smirlar har oyda 200 dollar olish imkoniyatiga ega. Jahonda chekishga qarshi eng keskin chora Finlandiyada ekani ma’lum bo‘ldi. Mamlakatga sigaret olib kirish cheklandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi “Balog‘atga yetmaganlarga bitta sigareta sotish ham jinoyat” deb ogohlantirdi. Qonunni buzganlar katta jarimaga tortiladi yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. 

“Chekishga qarshi kurash oyligi” finlar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lib, bu mamlakatda faqat ko‘chalardagina
chekish mumkin.

Ispaniyada davolash muassasalari va o‘quv dargohlarida tamaki mahsulotlarining savdosi man etilgan. Jamoat transportida, homilador ayollar mehnat qilayotgan inshootlarda, ma’muriy binolarda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladigan sexlarda, ko‘rgazma va o‘quv zallarida, lift, teatr, kinoteatrlarda, yopiq sport inshootlarida chekish aslo mumkin emas.


Polshada ham jamoat joylarida chekish mumkin emas. Ko‘chalardagi sigaret sotuvchi avtomat-do‘konlar yig‘ishtirib olindi.

Vengriyada ta’qiqlangan joylarda chekkan kishilar 125 dollar to‘laydi. Sigaret sotish qoidalarini buzgan do‘kondorlar esa 420 dollar miqdorida jarima to‘lashga majbur.

Kanadadagi barcha davlat muassasalarida chekish ta’qiqlangan. Shuningdek, aeroport, vokzal va xizmat joylariga sigaret bilan kelish mumkin emas. Kuldonlar mamlakatdagi barcha bar va restoranlardan yo‘qotildi. Tamaki kompaniyalari musobaqalarga homiylik qila olmaydi.

Singapurdagi kinoteatr, teatr, lift, avtobus, metro, poyezd, kasalxona va poliklinika hududlarida chekish mumkin emas. Bu mamlakatda sigaret reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yaponiyaning Osaka shahrida faoliyat yurituvchi firmalar chekmaydigan xodimlariga mukofotlar joriy qilgan. Yarim yil mobaynida og‘ziga sigaret olmagan xodim 190 dollar mukofot puli oladi.

Malayziyada kimda kim chekishni tashlasa, imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega.

Avstraliyada qabul qilingan qonunga ko‘ra, endilikda sigaret qutilarining hammasi bir xil ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Turkiyadagi qishloqlardan birida o‘sib kelayotgan yosh avlodga namuna bo‘lish maqsadida kattalarning chekishi ta’qiqlangan.

Sharofiddin To‘laganov

O'zA
3 427