O‘zA O`zbek

29.08.2018 12:18 Chop etish versiyasi

Chegaradan oʻq va qurollar olib oʻtayotgan shaxslarning maqsadi nima?

Chegaradan oʻq va qurollar olib oʻtayotgan shaxslarning maqsadi nima?

Osuda osmon ostida tinch va farovon hayot kechirarkanmiz, buning qadri haqida doim ham oʻylab koʻravermaymiz. Qachonki, notinch oʻlkalardan noxush xabarlarni eshitganda osoyishtaligimizga shukrona keltirishimiz mumkin. Biroq, hushyorlik hech qachon zarar qilmasligini unutmasligimiz zarur.

Chunki atrofimizda, oramizda xotirjam hayotimizni koʻra olmaydigan yoki tinchlikni pulga sotishga tayyor kimsalar yoʻq, deya olmaymiz. Xorijdan qaytayotgan hamyurtlarimizdan birining qoʻl yuklari orasidan bir litrli hajmdagi yelim idishda 6,3 kilogramm sochma oʻqlar (drob) borligi aniqlangani shundan dalolat emasmi?

Bojxonachilarning hushyorligi tufayli bunday holatlarga vaqtida chek qoʻyilmoqda. Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabariga koʻra, Andijon viloyatidagi “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelayotgan fuqarolar hamda ularning yuklari rentgen apparati yordamida bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan. Bu jarayonda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi tezkor xodimlari qoʻshni davlatdan kirib kelgan fuqaro X.D. ga tegishli boʻlgan qoʻl va boshqa yuklar orasida shubhali temir jismlar borligini aniqlagan. Ochib qaralganda ular oʻqlar ekani fosh boʻldi.

Mazkur post xodimlari tomonidan bir necha oy muqaddam pnevmatik qurol olib oʻtilishi holati aniqlanib, bunga ham vaqtida chek qoʻyilgan edi.

Lekin bunday holatlarga yoʻl qoʻyayotgan shaxslarning maqsadi nima? Chegaralardan xorijiy davlatlarga emin-erkin borib kelish uchun yaratilayotgan sharoitlardan nahotki odamlar gʻaraz niyatlarda foydalanishga urinsa?

Shukrki, chegaralarimiz daxlsiz va davlat himoyasida, uni qoʻriqlash ishonchli posbonlar qoʻlida.

N.Abduraimova, OʻzA
1 292