O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Chegarachilar oilasi uchun yangi uylar

Chegarachilar oilasi uchun yangi uylar

Xalqimizning sevimli bayramlari arafasida yangi bunyod etilgan binolarni foydalanishga topshirish yaxshi an’anaga aylangan. 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi bayrami munosabati bilan ham DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari oilalari uchun yangi turar-joy binosi foydalanishga topshirildi. 

36 oilaga mo‘ljallangan yangi uyda ofitser va serjantlar, ularning oila a’zolari yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Keng va yorug‘ xonalar, issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan qulay oshxona yangi uy egalari, ayniqsa, uy-ro‘zg‘ori doimo fayzli bo‘lishini, farzandlari sog‘lom o‘sishi uchun jon kuydiradigan uy bekalarini behad quvontirdi. 
Bolajonlar ochiq havoda o‘ynab dam olishi uchun esa uy hovlisida attraksionlar bilan jihozlangan maxsus maydoncha barpo etilgan. Quvonarlisi shundaki, ushbu yangi uy bog‘cha, maktab kabi ta’lim-tarbiya maskanlari yaqinida bunyod etilgan.

– Prezidentimiz, Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatining harbiy xizmatchilarga doimo g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgani natijasida men va bir qator safdoshlarimning oilalariga yangi uylarning kaliti topshirildi, – deydi serjant Alisher Bobomirzaev. – Bu xushxabarni eshitgan ota-onalarimiz, qarindoshlarimiz ham xursand bo‘ldi. Bizga ko‘rsatilayotgan bu g‘amxo‘rliklarga javoban zimmamizdagi mas’uliyatli vazifani to‘la-to‘kis ado etish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimiz, imkoniyatimizni sarflaymiz.

DXX Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli san’atkorlarining chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Respublikamizning turli viloyatlari, shahar va tumanlarida qurib foydalanishga topshirilayotgan yangi chegara postlari binolari, chegarachilarning oilalari ko‘chib o‘tayotgan yangi uylar chegarachi-jangchilarning xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilab, Davlat chegaralari ishonchli qo‘riqlanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. 
Farzandlari salomat, oilasida totuvlik hukmron, xizmatlari munosib e’tirof etilgan harbiy xizmatchining faoliyatida ham unum bo‘ladi, uning sidqidildan qilgan mehnatidan nafaqat oilasi balki butun yurtdoshlari naf ko‘radi.

2 478
O‘zA