O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Chegara postida psixotrop moddalar toʻxtatib qolindi

Chegara postida psixotrop moddalar toʻxtatib qolindi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi hamda Kontrabanda va bojxona qoidalari buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari hamkorlikda “Sirdaryo” chegara bojxona postida psixotrop moddalarni toʻxtatib qoldi.

“Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali Qozogʻiston Respublikasidan mamlakatimizga piyoda kirib kelayotgan shaxs bojxona xodimlarida shubha uygʻotadi. Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan Panji Nishonaliyev (ismi-sharifi oʻzgartirilgan) bojxona xodimlari tomonidan toʻxtatilib, savol-javob qilindi. Suhbat chogʻida Panji Nishonaliyev oʻziga tegishli yuk xaltasida turli dori vositalaridan boshqa “Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida” koʻrsatilmagan mahsulotlar yoʻqligini maʼlum qiladi.

Shundan keyin, ushbu fuqaro oʻzi bilan olib kelgan yuk xalta post kichik-inspektor kinologi hamda xolislar ishtirokida tekshiruvdan oʻtkazildi. Panji Nishonaliyevning yuk xaltasidagi har xil turdagi dori vositalaridan tashqari unda hech qanday hujjatlarsiz bitta konvalyutada 8 dona “MR SAMNAT” zopiklon” nomli har birining miqdori 7,5 milligramm boʻlgan psixotrop (dori vositasi) moddalari borligi maʼlum boʻldi.

Bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan ushbu psixotrop moddalar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Hozirda aniqlangan mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

447
A.QAYUMOV, OʻzA