O‘zA O`zbek

12.09.2018 18:35 Chop etish versiyasi

Chegara hududlarda oʻrmondan foydalanish tartibi belgilandi

Chegara hududlarda oʻrmondan foydalanish tartibi belgilandi

Oʻrmondan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul...

Davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining faoliyatini takomillashtirish va oʻrmon xoʻjaliklarining chegara hududlari tabiiy resurslaridan foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.

Qaror bilan chegara zonasi va chegara mintaqasida oʻrmon xoʻjaligini yuritish va oʻrmondan foydalanish tartibi hamda Davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining harbiylashgan tuzilmalar bilan oʻzaro hamkorlik tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, chegara zonasida va chegara mintaqasida oʻrmondan foydalanish tartibi belgilandi.

Unga binoan, mazkur hududlarda oʻrmondan foydalanish doimiy va vaqtincha, shuningdek, umumiy yoki maxsus boʻlishi mumkin.

Oʻrmondan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul va oʻz ehtiyojlari uchun belgilangan hajmlarda, qonunchilikda nazarda tutilgan foydalanish turlari boʻyicha, maxsus foydalanish esa toʻlov asosida amalga oshiriladi.

Oʻrmondan maxsus foydalanuvchilar ichki ishlar organlari va chegara qoʻshinlarining tegishli ruxsatnomalarini belgilangan tartibda olgandan soʻng ushbu huquqqa ega boʻladi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq joylarga turistlarning kirishi (oʻtishi), vaqtincha yashashi va harakatlanishi uchun elektron ruxsatnoma berish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, 2019-yildan boshlab davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining chegara zonasi va chegara mintaqasida ishlovchi xodimlarining oylik lavozim maoshiga 30 foizlik qoʻshimcha ustama, qoʻshimcha 15 nafar xodim (oʻrmonchi, yeger, inspektor), jami 360 nafardan koʻp boʻlmagan xodimni taʼminlash uchun mablagʻ ajratilishi nazarda tutilgan.

OʻzA
1 216