O‘zA O`zbek

05.11.2019 Chop etish versiyasi

Chaqmoq chaqnab qalbga tutmasa otash!

Chaqmoq chaqnab qalbga tutmasa otash!
Kuz nashidasi

Kuzak

Ishsizlikday zerikarli kun,
Hatto koʻkda dimiqar oftob.
Gullar yupun, daraxtlar yupun,
Savolga tut, bermaydi javob.
Shamol rangpar roʻmolin yelpib
Olataroq bulutni haydar.
Mungi ila havoni chilpib,
Oshyon izlab turnalar qaytar.
Togʻlar choʻkkan, ish tashlashga shay,
Yoʻtaladi boʻzarib bogʻlar.
Boshqorongʻi boʻlgan ayolday
Koʻk yuzida yiltillar dogʻlar.

Togʻay shoirning Mahkam cholga degani

Koʻz oʻngingda yengil choʻkaversa togʻ,
Chaqmoq chaqnab qalbga tutmasa otash.
Oʻz uying oʻzingga ochmasa quchoq,
Bu qanday yashash?
Burgut panjasida ojiz ilonday,
Toʻlgʻonsang ming koʻyda – ogʻirdir chidash.
Bir barg tebranmasa essang boʻronday,
Bu qanday yashash?
Yuzing qizarmasa oʻz yolgʻoningdan,
Kulgili tuyulsa roʻyirost soʻzlash.
Itlar hurib tursa toʻrt tomoningdan,
Bu qanday yashash?
Yerdan olib yerga ursa oʻz jufting,
U ayol xayoli boʻlolsa dardkash.
Koʻzda yosh, xoʻrsinsang armon ichra soʻng,
Bu qanday yashash?
Qudugʻing suviga toʻlasang tovon,
Bagʻringda yel oʻynab qoʻzgʻaversa gʻash.
Oʻz molingni sotsa oʻzingga arzon,
Bu qanday yashash?
Iymondan soʻz ochsang, yoʻling yoʻqotsang,
Oʻlsang, topilmasa elda tobutkash.
Boʻlarmon mardingni arqonga tortsang,
Bu qanday yashash?
Elni doʻst bilmaydi aygʻoqchi zoti,
Moxov bozorining dalloli yakkash.
Togʻay qargʻab oʻtar zulmning otin,
Bu qanday yashash?

***
Soyasidan qoʻrqar bu odam,
Choʻchib tushar tushida hatto.
Ha, yotga yot hamisha yotdir,
Doʻstlik sulhin tuzmaklik – xato.
Koʻmay desa, andisha qilar,
Yuzidan oʻtolmas oʻzini.
Koʻrmaslik-chun turqin, oʻlguncha
Yumib yurish shartdir koʻzini.
Bekinmachoq oʻynagan bilan
Ayon boʻlar yolgʻonning chini.
Tushundi u oʻlim oldidan
Soyasidan nusxaligini.

***
Toshday qattiq tegaveradi,
Yillar oʻtgan sayin bolishim.
Umrimni jim chegiraveradi
Qattol dunyo, shartmi nolishim.
Koʻkda uchib yurgan minglab tosh,
Bosh tegmagan bolishlarmikan.
Ogʻriq berar toʻzgʻigan bardosh,
Yuragimga sanchilmay tikan.
Tokaygacha bolish oʻrnida,
Bosh urgayman oʻzi yoʻq toshga.
Bolishingga bosh qoʻyay desam,
Sening esa bolishing boshqa.

Oʻroz HAYDAR

943
O'zA