Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 16:52 Chop etish versiyasi

Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik – ta’lim-tarbiyaning muhim qismi

Chilonzor pedagogika kollejida “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi ta’lim muassasasi va eng yaxshi o‘qituvchi” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar o‘qituvchi hamda o‘quvchilari ishtirok etdi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari M.Soliyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ajralmas qismi bo‘lgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikning samarali tizimi yaratilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuni chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash sifatini yaxshilash, ta’lim muassasalarida yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligini tashkil etishni takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida har yili «Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi ta’lim muassasasi va eng yaxshi o‘qituvchi» respublika tanlovi o‘tkazib kelinayotir.

Tanlovning asosiy maqsadi chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etishni takomillashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdan iborat.

Bu yilgi tanlov natijalariga ko‘ra “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi ta’lim muassasasi” nominatsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l bank kasb-hunar kolleji birinchi o‘rinni egalladi.

– Zamonaviy axborot-texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlangan ta’lim muassasamizda o‘quvchi-yoshlar puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi kollej direktori Rustam Otaboyev. – Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik yoshlarni har tomonlama yetuk, o‘z burchini yaxshi anglaydigan shaxslar etib shakllantirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Tanlovda g‘olib, deb topilganimiz va jamoamizga bildirilgan ulkan ishonch bizni yanada ko‘proq mehnat qilishga, ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.

Samarqand viloyati Urgut agro-tadbirkorlik va servis kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Sherzod Taylonov «Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi o‘qituvchi» nominatsiyasida birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.

Tanlovda sovrinli o‘rinlarni egallagan ta’lim muassasalari va o‘qituvchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliqlar, esdalik nishoni va sovg‘alar topshirildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
9 896






Все о погоде - Pogoda.uz