O‘zA O`zbek

11.09.2018 21:37 Chop etish versiyasi

Chaqiriluvchilar saralanmoqda

Chaqiriluvchilar saralanmoqda
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvini sifatli tashkil etishga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Joylardagi mudofaa ishlari boʻlimlarida dastlabki saralash tadbirlari oʻtkazilayotir.

Samarqandda ham viloyat hokimining 2018 yil 7 avgustdagi“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari maxsus qoʻshinlari safiga chaqiriluvchilarni oldindan saralab va tanlab olish, test sinovlarini yuqori saviyada oʻtkazish hamda tibbiy chaqiruv komissiyasining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida mazkur jarayon yoʻlga qoʻyildi.

– Viloyat hokimining ushbu qarori 2019 yilgi chaqiruv mavsumini yuqori saviyada oʻtkazish, Qurolli Kuchlarimiz maxsus qoʻshinlariga chaqiriluvchilarni sifatli saralash, test sinovlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish orqali yigitlarning bilim darajasini aniqlashga qaratilgan, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Sanjar Toʻrayev. – Qaror asosida fuqarolarni muddatli va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga chaqirish boʻyicha viloyat doimiy tibbiy chaqiruv komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Oʻz navbatida, tuman, shahar tibbiy chaqiruv komissiyalari tuzilib, chaqiruv uchastkalari zarur tibbiy jihoz va vositalar bilan taʼminlandi. Mahalla fuqarolar yigʻinlari va keng jamoatchilik yordamida chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari oʻrtasida targʻibot ishlari olib borilib, muddatli va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni oʻtash tartiblari tushuntirilmoqda. Mudofaa ishlari boʻlimlari xodimlari mahallalarga chiqib, chaqiriluvchilarning oilaviy holati, ijtimoiy ahvolini oʻrganmoqda. Ota-onalar bilan suhbatlashmoqda. Tuman va shahar tibbiy chaqiruv komissiyalari esa chaqiriluvchilarni dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, oʻz tavsiya va xulosalarini berayotir.

Chaqiriluvchilar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida viloyat doimiy tibbiy chaqiruv komissiyasi aʼzolari 29 avgustdan eʼtiboran joylarga chiqib, chaqiriluvchilarni tuman, shahar mudofaa ishlari boʻlimlarida koʻrikdan oʻtkazish va saralash ishlarini olib bormoqda. Ushbu jarayonda Qurolli Kuchlarimiz maxsus qoʻshinlaridan vakillar ham kelib, chaqiriluvchilar bilan suhbatlashmoqda.

Hozirgacha komissiya 10 dan ortiq tuman va shaharda chaqiriluvchilarni koʻrikdan oʻtkazdi. Viloyat komissiyasi shu tarzda 20 noyabrga qadar joylarda faoliyat olib boradi. Bu orada oktyabr oyida chaqiriluvchilar Davlat test markazi viloyat boʻlimi tomonidan tashkil etiladigan test sinovlaridan oʻtadi.

– Dastlabki saralash tanlovi milliy armiyamiz saflariga jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk va intellektual salohiyatli yoshlarni tanlab olishda muhim ahamiyatga ega, – deydi viloyat doimiy tibbiy chaqiruv komissiyasi katta shifokori Xudoyberdi Omonov. – Chaqiruv mavsumigacha hali 4-5 oy fursat borligi chaqiriluvchilarning sogʻligʻida biror kamchilik yoki oʻzgarish boʻlsa, bu vaqt oraligʻida uni tuzatish imkonini beradi. Chaqiriluvchilarning oʻzi ham harbiy xizmatning sharafi va masʼuliyatini his qilib, oʻzini bunga ruhan tayyorlab boradi. Avvalgi yillar tajribasi shuni koʻrsatadiki, dastlabki saralash tanlovlarida har jihatdan barkamol deb topilgan chaqiriluvchilar mavsumdagi yakuniy koʻrik, suhbat va sinovlardan ham muvaffaqiyatli oʻtib, Qurolli Kuchlarimiz safiga xizmatga olinmoqda.

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) OʻzA
2 254