O‘zA O`zbek

08.07.2019 20:48 Chop etish versiyasi

Chaqaloqning hayotini kapitan Akbar Yakubov saqlab qolgan

Chaqaloqning hayotini kapitan Akbar Yakubov saqlab qolgan

Xabaringiz bor, shu yilning 7-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi bozor hojatxonasiga tashlab ketilgan yangi tugʻilgan chaqaloq topib olingani haqidagi video tarqalgan edi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik. Bizga maʼlum qilishlaricha, ushbu hodisa joriy yilning 2-iyul soat 15.00larda sodir boʻlgan. Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Lolazor” mahallasida joylashgan “Habibobod” bozoridagi ayollar hojatxonasida nomaʼlum ayol chaqaloqni tugʻib hojatxona tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yigʻisini eshitgach, profilaktika inspektoriga xabar bergan. Koʻrilgan tezkor choralar natijasida chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida chaqaloqning onasi, Sariosiyo tumanida yashovchi F.T. ekanligi aniqlanib, ayni vaqtda ushlangan va F.T.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 99-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergovni prokuratura olib bormoqda.

Biz aniqroq maʼlumot olish uchun Ichki ishlar vazirligi vakillarini yana bezovta qildik. Maʼlum boʻlishicha, kapitan Yakubov Akbar hech nimadan tap tortmasdan, qoʻli bilan chaqaloq badanining biror-bir joyiga jarohat yetkazmasdan hojatxonadan chiqarib olgan. Maʼlumot oʻrnida aytish kerkki, kapitan Yakubov Akbar ayni damda Denov tumani IIO FMB 4-son ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika katta inspektori boʻlib ishlab kelmoqda. Ana sizga haqiqiy fidoiy xodim.

Bir oʻylab koʻring, har birimiz profilaktika inspektori qilgan harakatni qila olarmidik? Albatta, boshimizga bir tashvish yoki kulfat tushsa, ichki ishlar xodimini izlab qolamiz, lekin ularga boʻlgan baʼzilarning munosabati odamgarchilikka toʻgʻri kelmaydi. 

Hozirgi kunda ushbu chaqaloq Denov tumani markaziy shifoxonasiga qarashli 2-sonli tugʻruq boʻlimida saqlanmoqda va uning sogʻligʻi yaxshi.

X.Mamatraimov OʻzA
2 617