O‘zA O`zbek

25.08.2018 15:40 Chop etish versiyasi

Chang koʻtarib kezadi suruv, yaylov borar choʻlga aylanib

Chang koʻtarib kezadi suruv, yaylov borar choʻlga aylanib
Shimoliy Nurota togʻlari etaklari bepoyon yaylov. Erta bahorning havosi ochiq kunlarida togʻning Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlari hududlarini tutashtiruvchi Qoʻytosh togʻidagi teleantena joylashgan choʻqqidan atrofga nazar solsangiz uzoq uzoqlardagi qora nuqtalarga koʻzingiz tushadi. Bu nuqtalarning har biri oʻtlab yurgan suruv-suruv qoʻy ekanligini uning harakatlanishidan ilgʻab olishingiz mumkin.

Shu kunlarda oʻsha nuqtadan qarasangiz, keng yaylovlarda osmonga tutunga oʻxshab koʻtarilayotgan gʻuborga koʻzingiz tushadi. Bu qoʻy suruvlari harakatidan hosil boʻlayotgan chang. Bugun yaylov changga toʻla.

Ochiq adirlardagi maydonlarda hafta kunlarining nomi bilan “Seshanba”, “Chorshanba”, “Payshanba” “Juma”, “Shanba” “Yakshanba” deb ataladigan mol bozorlari bor. Bunday bozorlar barcha lalmikor hududlarda uchraydi.

Gʻallaorol tumani Gulchambar qishlogʻidagi “Payshanba” mol bozori Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlari oraligʻida joylashgan.Bu ochiq adirdagi na devori, na darvozasi boʻlgan maydonda yil davomida haftaning har payshanba kuni mingdan ziyod qoʻy, qoramol sotiladigan katta bozorlardan biri hisoblanadi. Moldan tashqari, keyingi yillarda eng katta savdo chorva ozuqasi bozorning asosiy mahsulotiga aylandi. Har payshanbada 250-300 mashinada somon-pichan keltiriladi.

Ayni paytda bu yerda 10-12 kilogramm keladigan presslangan somon oʻrami narxi 12 mingdan 15 ming soʻmgacha, beda pichani oʻrami 15 ming soʻmdan 17 ming soʻmgacha sotilmoqda.

Bitta qoʻyga bir kunga 5-6 kilogramm ozuqa kerakligi hisobga olinsa, bir oyda 15 ta press oʻrami sarflanadi. Bu 150-170 ming soʻm. Faqat somon yeb oʻlib qolmasligi uchun kuniga 200 gramm arpa ham berish kerak. Bu bir oyga 10 ming soʻm. Agar qish uch oyga davom etsa 600 ming soʻm ozuqaning oʻziga xarajat qilish kerak. Qoʻyning oʻrtacha narxi shuncha. Demak, faqat qishlovdan olib chiqish uchun ikkita qoʻydan bittasini sotib ikkinchisini saqlab qolish mumkin. Bu ahvol goʻsht narxining oshishiga asosiy omil boʻlmoqda.

DSC_8207 (16).JPG

– Keyingi yillarda yaylovlar unumdorligi keskin pasayishi tufayli molning nasibasi ushbu bozorga bogʻliq boʻlib qoldi, – deydi keksa chorvador Navroʻz Toʻyjonov. – Arzon goʻsht yetishtirishning asosiy manbai boʻlgan yaylovdan ota-bobolarimiz avaylab, almashlab foydalanib kelgan. Yozda suruvni togʻ yaylovlarida boqib, kech kuzda adirdagi yaylovga qaytib qishga hozirlik koʻrgan. Bu davrda yaylovda oʻtlar oʻsib, urugʻini toʻkib ulgurgan. Chorva mollarining soni koʻpayishi yaylovdan toʻrt fasl ham uzluksiz foydalanishga olib keldi. Yil davomida molning tuyogʻida toptalayotgan tuproqda oʻt koʻkarib ulgurmaydi, yaylov haqiqiy choʻlga aylanib borayotir.

Chorva mollarining koʻpayishi aholi turmush farovonligini oshiradi. Biroq, chorvachilikni rivojlantirish, goʻsht yetishtirishni koʻpaytirish haqida gapirganda arzon mahsulot yetishtirishning manbai boʻlgan yaylov muammosi chetda qolmoqda.

Statistik maʻlumotlarga koʻra, 582 ming gektar yaylov fondiga ega boʻlgan Jizzax viloyatida 867,6 ming qoramol, 2 million 100 ming boshdan ziyod qoʻy-echki mavjud. Biologik meʻyorlarga koʻra, bir bosh qoramolga 3 gektardan, bir bosh qoʻy-echkiga 1 gektar yaylov zarurligi hisobga olinsa, mavjud yaylov maydoni bu meʻyorga nisbatan besh-olti marta kamligi vaziyatning nechogʻli ogʻir ekanligini koʻrsatib turibdi.

Chorva mollari, ayniqsa qoʻy soni aholi soniga mutanosib ravishda koʻpayib borayotir. Yaylovdan yil boʻyi foydalanish natijasida oʻsimliklarning normal oʻsib rivojlanishi va urugʻ hosil qilishi, tuproqqa urugʻlarning toʻkilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar yoʻqolib bormoqda. Urugʻ yoʻq, demak, oʻsimlik ham boʻlmaydi. Bu esa oʻz navbatida yaylov hosildorligining pasayishi, choʻllanishga olib keladi.

Ilmiy tavsiyalarga koʻra, adir yaylovlarida 200 turdan ortiq oʻsimliklar oʻsishi biologik xilma-xillikni saqlash uchun meʻyoriy hol hisoblanadi. Ammo bugungi kunda oʻsimliklar xilma-xilligi adirlarda 45-50 turdan oshmaydi.

Insonning koʻp yillik faoliyati tufayli tabiiy yaylovda yuz bergan bu oʻzgarishlarni oʻrganish uchun katta tadqiqot oʻtkazish shart emas. Tabiiy yaylovni atrofi devor bilan oʻralgan qishloq qabristoni bilan taqqoslashning oʻzi yetarli. Qishloqlar atroflarida yaylovlar hosildorligi devor bilan oʻralgan qabriston hududiga qaraganda 40-60 foizga kamaygan.

Buning bosh sababi qishloqlardagi chorva mollar soni yaylov sigʻimiga nisbatan 5-6 marotaba ortganidadir. Shu sababli ham yirik qishloqlar atroflarida yaxshi ozuqabop oʻsimliklar oʻrniga begona oʻtlar koʻpaygan va koʻp hollarda ular yangi oʻsimliklar guruhlarini hosil qilgan.

DSC_8207 (14).JPG

— Qoʻy boqish uchun sharoit yildan yil ogʻirlashib borayotir, — deydi Gʻallaorol tumanidagi “Qorangʻul” fermer xoʻjaligi rahbari Boyxoʻroz Yarashev. – Aprel oyidayoq yaylovlar qurib qoladi. 300 bosh qoʻyni paxtakor tumanidagi gʻalladan boʻshagan maydonlarda bir bosh qoʻy uchun 3-4 oyga 17 ming soʻmdan toʻlab boqamiz. Yozniku amallab oʻtkazamiz, oldindagi qishmavsumi kishini koʻproq tashvishga soladi. Bir telejka somon 1 million soʻmga chiqdi. Chorva xoʻjaliklari uchun ozuqa bazasi tashkil etilishi masalasi hal qilinishi zarur.

Jizzax viloyatining Forish va Gʻallaorol, Navoiy viloyatining Nurota, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanlari yaylovlarida holat shunday. Ularning koʻpchiligi Janubiy Qizilqum, Arnasoy koʻllari boʻyidagi yaylovlarda qoʻy boqmoqda. Ammo endi u yerlar ham torlik qilib birdan-bir ozuqa manbai boʻlgan tabiiy yantoqzorlar va shuvoqzorlar ham kamayib borayotir.

Hozir lalmikor qishloq aholisining chorvachilikdan boshqa daromadi yoʻq. Qoʻy, qoramol qishloq aholisi uchun ham maosh, ham jamgʻarma vositasi boʻlib turibdi.

Ikkinchi katta muammo – lalmikor qishloqlardagi aholining yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojidir. Tabiiy gaz tarmogʻiga ulanmagan qishloqlarda yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojning bir qismi chorva goʻngi, bir qismi esa togʻ adirlarda oʻsadigan daraxt hamda butalar bilan qondiriladi. Shu sababli ham togʻlarda ilgargidek qalin butazor va changalzor hozir yoʻq. Ular allaqachon aholining tandir va oʻchoqlarida yonib ketgan. Yakkam dukkam qolgan shuvoq, yantoq, jingʻil, yovvoyi bodom va boshqa daraxt va butalar tomiri bilan kovlab olinayotir.

Shuning uchun yaylov tabiatini asrab qolishda chorva boqishni tartibga solish birinchi masala boʻlsa, ikkinchisi aholining yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojini qondirishdir. Aholining yoqilgi muammosining hal etilishi tabiatga yetkazilayotgan zararni kamaytirishi aniq.

Yaylov muammosi respublikaning barcha hududlarida mavjud. Shuning uchun bu holat xalqaro hamjamiyatning, xususan, BMT tarkibidagi xalqaro ekologik tashkilotlarning ham diqqatini tortayotir.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistoning BMTga aʻzo boʻlib, 1995-yilda biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi Xalqaro Konvensiyaga qoʻshilishi tabiatdan foydalanishda ham yangicha yondashuvlarni yuzaga keltirdi. Bu sohada 2000-2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati Birlashgan Mmillatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamgʻarma bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Forish tumani, Samarqand viloyatining Poyariq, Navoiy viloyatining Nurota tumanlari hududini qamrab olgan “Nurota-Qizilqum biologik rezervatini barpo etish” loyihasi amalga oshirilishi odamlarning tabiatdan foydalanish haqidagi qarashini oʻzgartirdi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Global Ekologik Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonning togʻli, yarim choʻl va choʻl landshaftlarida sugʻorilmaydigan qurgʻoqchil yerlarning raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” loyihadan maqsad – chorvador aholining yaylovdan foydalanish madaniyatini oʻzgartirishdir.

Jizzax viloyatining Zomin hamda Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanlarida 2014-2018-yillarga moʻljallab amalga oshirilayotgan ushbu loyiha tabiat muhofazasiga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, ekologik mavzuda qoʻllanma va tarqatma materiallar chop etish, yer osti va usti boyliklaridan samarali foydalanishda resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tuproq eroziyasining oldini olish, bioxilma-xillikni asrash, aholining ekologik madaniyati, ekologik taʻlim sifatini oshirishgaqaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Loyihani amalga oshirishda oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari, fermerlar bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda. Loyiha maqsadiga muvofiq keladigan tashabbuslar, kichik loyihalar moliyaviy qoʻllab-quvvatlanayotir.

Zomin tumanidagi “Tutak Karim dalasi” fermer xoʻjaligi tomonidan ushbu loyiha asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

— Xoʻjaligimizda 200 boshga yaqin qoʻy va 20 bosh yirik shoxli mol bor, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Abdulla Joʻrayev. — 74 gektar maydonda lalmi gʻalla yetishtirayapmiz. 200 gektarlik yaylovimizning 30 gektariga bu yil bahorda chogon, izen, terezken kabi 6 xil ozuqabop ekinlar hamda ming tup saksovul ekdik. Bu ishlarimiz BMT Taraqqiyot dasturi, Global Ekologik Jamgʻarma hamda respublika “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitalarining qoʻshma loyihasi tomonidan moliyalashtirildi.

Loyiha doirasida ushbu tumandagi “Rustamnoma” chorvachilik fermer xoʻjaligida ham 7 gektar maydonga izen, teresken, chogon, cherkez, qandim, kovrak kabi ozuqabop ekinlar hamda 7 mingta saksovul ekildi. Fermer yetarli yem-xashak yetishtirishdan tashqari oʻt- oʻlanlarning urugʻini sotishdan ham foyda olishni moʻljallamoqda.

Tabiatni muhofaza qilish talablarini hisobga olib bunday yangicha yondashuv natijasini bundan bir necha yil avval yalangʻoch qolgan qirlar bagʻrini asta sekinlik bilan yashil oʻt-oʻlanlar qoplab borayotgani koʻrsatib turibdi. Dala oʻsimliklarining erkin oʻsishi tipratikan, toshbaqa, ilon kabi jonivorlar va turli hasharotlarning bu yerda makon tutishiga, qushlarning qoʻnim topishiga, tuproq koʻchishining oldini olishga xizmat qilmoqda. Biologik xilma-xillik tiklanayotir.

Ushbu loyihani amalga oshirishdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad bitta-ikkita fermerga yordam koʻrsatishning oʻzigina emas, togʻli, yarim choʻl va choʻl hududlaridagi sugʻorilmaydigan qurgʻoqchil yerlardan foydalanishda tabiatni muhofaza qilishga keng jamoatchilikning eʻtiborini jalb etishdir. Bu maqsadni amalga oshirishning ishonchli yoʻli odamlarni xoʻjalik yurtishdan daromad olish bilan birga tabiatni himoya qilishga undash, ushbu yoʻnalishdagi ilgʻor tajribalarni targʻib qilish. Endi bu ishda erishilayotgan natijalarga misollar ham yetarli. Demak, vaziyatni oʻnglashning, yaylovlarni tiklashning yechimi bor.

Lalmikor hududlarda yashovchi aholini xoʻjalik yuritishning noanʻanaviy usullariga jalb etishga alohida eʻtibor qaratish darkor. Ekologik turizmni rivojlantirish orqali aholi daromadani oshirishga erishish kerak.

Buni Global ekologik jamgʻarmaning kichik grantlar dasturi koʻmagida amalga oshirilayotgan “Forish va Nurota tumanlarida ekologik turizmni rivojlantirish” loyihasi misolida ham koʻrish mumkin. Unga koʻra hududlarda ekoturistlar jalb etilib, yoʻl boshlovchilik, mehmonxona xizmatlari koʻrsatish tizimi yaratilmoqda.

Faqat chorvachilik orqasidan tirikchilik oʻtkazgan odamlar endilikda sayyohlarga xizmat koʻrsatishdan daromad qilmoqda, tabiatni asrashga hissa qoʻshmoqda. Hozir tuman markazida mehmonlar uchun “Tashrif markazi”, Sintob, Hayot, Uxum, Andagen qishloqlarida oʻndan ziyod uy mehmonxonalar faoliyat koʻrsatayotir.

Xalqaro tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalarning muhim jihatibu hududda yaylov eroziyasining, choʻllanishning toʻxtalishi barobarida odamlarning tabiatga boʻlgan munosabati oʻzgarayotganidadir.

Yaylovlar hosildorligini oshirish borasida Jizzax davlat pedagogika instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar va hayvonot olami genafondi instituti xodimlari hamkorligida ham izlanishlar olib borilmoqda. Forish tumanining “Qizilqum” va “Bogʻdon”, Gʻallaorol tumanining “Lalmikor”, Nurota tumanining ”Gʻozgʻon” va “Yangi bino” xoʻjaliklarida qurgʻoqchilikka chidamli boʻlgan izen, keyruk, kotron, chogon, teresken kabi oʻsimliklar ekilgan. Bu yaxshi natija bergan. Demak, inqirozga uchragan yaylovlarning hosildorligini tubdan yaxshilash borasida ekib, sinab koʻrilgan usul bor

– Yaylov choʻllanishining oldini olishning eng ishonchli yoʻli – almashlab foydalanishni yoʻlga qoʻyish, – deydi Gʻallaoroldagi Oʻzbekiston lalmikor dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti ilmiy xodimi, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Hasan Yusupov. – Biroq hozir mol sonini hisobga olganda bu usulni toʻliq amalga oshirib boʻlmaydi. Shuning uchun chorvachilikni rivojlantirishning tabiatga zarar yetkazmaydigan usullaridan foydalanish yoʻllarini topish maqsadga muvofiq. Xususan, goʻsht yetishtirishga moʻljallangan chorva mollarini toʻliq maxsus boʻrdoqixonalarda boqishga oʻtish, yaylovda urchitiladigan mollarni rejali boqishni yoʻlga qoʻyish zarurligi koʻrinib turibdi. Shunday qilinganda yaylovning yukini biroz kamaytirish, uning asosiy ozuqa bazasi hosildorligini fitomelioratsiyalash ishlarini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi.

Albatta, ahvolning tobora murakkablashib boravermasligi uchun, birinchi navbatda, hukumat, parlament zarur choralar koʻrishi tabiiy. Ammo masalaning asosiy yechimi ushbu muammoli hududlardagi mahalliy hokimiyat va xoʻjalik organlariga, jamoatchilikka, barcha aholiga bogʻliq boʻlib qoladi.

Yaylov inqirozi koʻrinib turibdi, sohadagi urinishlar muammoni uni hal etishning yechimi borligini ham koʻrsatib turibdi. Demak, yaylovni ham saqlab qolish, goʻsht yetishtirishni ham koʻpaytirish uchun kuch va imkoniyatlarni tezroq birlashtirish zarur.

OʻzAdan: ushbu maqolani chop etish arafasida maqolada koʻtarilgan muammolar bilan bogʻliq yangi hujjat – Orol dengizi hududi, Qizilqum choʻli va respublikamizning suv tanqis boʻlgan boshqa choʻl hududlarini keng rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining choʻl hududlarini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni loyihasi tayyorlanganini xabar qilgan edik. Hujjat ilovasida “Yashil choʻl laboratoriyasi” Konsepsiyasi keltirilgan.

Loyiha amalga tushgach, choʻl hududlardan unumli foydalanish natijasida respublika hududlarida oʻsimliklar qoplami kengayishi va choʻllanish holatlari kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari va tajriba laboratoriyasi oʻrtasida amaliy hamkorlik tashkil qilinadi. Keng maydonlarni koʻkalamzorlashtirish va chorvachilik uchun ozuqa bazasini yaratish choralari koʻriladi. Ekoturizm va agroturizmni rivojlantirish ustida ish olib boriladi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
3 798