O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Cenat raisi: “Kattaqoʻrgʻon dilbar va fusunkor shaharga aylanadi”

Cenat raisi: “Kattaqoʻrgʻon dilbar va fusunkor shaharga aylanadi”

Avval xabar qilganimizdek, kecha Kattaqoʻrgʻon shahriga borgan Senat Raisi T.Norboyeva bugun shahar hokimi G.Alimova hamrohligida “Obod mahalla”, “Obod markaz” davlat dasturlarining bajarilish holatini oʻrganish, mavjud muammolarni aniqlab, ularni hal etish choralarini koʻrish maqsadida Vatanparvar mahallasida boʻldi.

Mazkur mahalla koʻp qavatli uylardan iborat, yopiq shakldagi, asosan harbiylar istiqomat qiladigan hudud. Aholi mahallani ochiq shakldagi fuqarolar yigʻiniga aylantirish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Shahar hokimi hududdagi aholi soni, qamrov darajasi, atrofdagi mahallalarning joylashuvi va boshqa tegishli masalalar boʻyicha oʻrganish natijalari haqida maʼlumot berdi. Senat Raisi mazkur masala chuqur tahlil qilish orqali hal etilishini, shundan keyin aniq chora-tadbir koʻrilishini aytdi.

33.jpg

Kattaqoʻrgʻonda mavjud 23 moddiy va madaniy meros obyektidan baʼzilarining qurilish tarixi XIX asr oxiri, XX asr boshiga borib taqaladi. Soʻfi Olloyor mahallasidagi “Begijon“ masjidi hamda Miriy mahallasidagi “Roziqboy“ masjidi shular jumlasidan. Oʻz davrida hashamatli va noyob meʼmorlik namunasi hisoblangan mazkur obidalardan yillar mobaynida turli maqsadlarda foydalanilgan, ayni damda xaroba ahvolga kelgan.

Tanzila Norboyeva obidalarni koʻzdan kechirar ekan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, asl holatiga keltirish muhimligini taʼkidladi.

Senat Raisi “Metall SolutionTechnologies” MCHJ qoʻshma korxonasi, “Kattakurgan oil” MCHJ, shuningdek, un mahsulotlari, sanoat sohasidagi neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi.

11.jpg

– Ikki kun davomida Kattaqoʻrgʻon shahrini kompleks rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini oʻrganayotgan Tanzila Norboyevaning tadbirkorlar bilan uchrashuvlari oldimizda turgan koʻplab muammolar yechimida muhim omil boʻladi. Prezidentimizning Kattaqoʻrgʻonni obod shaharga aylantirish boʻyicha topshiriqlari ortidan turli vazirlik va respublika darajasidagi idoralar rahbarlari yonimizda turib muammolarimizni oʻrganmoqda, – dedi shahar hokimi, Senator Gavhar Alimova. — Ishonamizki, oʻrganishlar natijasida koʻplab muammolarimiz oʻz yechimini topadi.

Oʻrganishlar jarayonida tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy, tovar va xomashyo resurslariga, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi jarayonlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Kattaqoʻrgʻonni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar rahbarlari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal qilish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirish, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

1 257
OʻzA