O‘zA O`zbek

09.08.2018 11:03 Chop etish versiyasi

Buzilayotgan ko‘chmas mulk bozor qiymati bilan baholanadi

Buzilayotgan ko‘chmas mulk bozor qiymati bilan baholanadi

2018-yilning 1-sentyabridan boshlab mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni bozor qiymati bilan to‘liq qoplangandan keyingina mulkni buzishga va (yoki) yer uchastkasini olib qo‘yishga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini tahlil qilishni davom etamiz. Mazkur Farmonga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan avval manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkaziladi, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanadi. Faqat shundan keyingina yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin. Ushbu tartib joriy yilning 1-sentyabridan boshlab kuchga kiradi.

Manfaatdor shaxslar deganda yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan ko‘chmas mulkning egasi, unda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan va yashab kelayotgan fuqarolar, ko‘chmas mulk yuridik shaxsga tegishli bo‘lsa, tashkilot rahbari va muassislari, o‘zini-o‘zi boshqarish organi, mahalliy hokimlik vakillari tushuniladi.

Foyda va xarajatlarni baholashda davlat o‘z maqsadiga erishish uchun (masalan yo‘l qurilishi) quyidagi holatlar e’tiborga olinadi:

1) aynan shu joyda joylashgan binolarni buzishdan ko‘riladigan foyda va zarar nisbati;

2) maqsadga erishish (masalan, yo‘l qurish) uchun boshqa joyni tanlash imkoniyati mavjud yo mavjud emasligi;

3) mulkdorlarni (ularning oila a’zolarini) vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlash yoki ularga ijara haqi va ko‘chib o‘tish xarajatlarini qoplab berish va h.k.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibiga ko‘ra, mulkdorga buzilayotgan ko‘chmas mulkning qiymati to‘laligicha qoplab berilishi belgilab qo‘yilgan. Biroq, mazkur kompensatsiya to‘lovi aynan qachon (ko‘chmas mulk buzilishidan oldin yoki keyin) to‘lanishi aniq emas edi. Farmonga muvofiq, 2018-yilning 1-sentyabridan boshlab mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni bozor qiymati bilan to‘liq qoplangandan keyingina mulkni buzishga va (yoki) yer uchastkasini olib qo‘yishga ruxsat beriladi. Ahamiyat bering, bunda buzilayotgan ko‘chmas mulk bozor qiymati bilan baholanadi.

Olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar hisoblanayotganda buyumlarni, ishlab chiqarish uskunalarini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar ham inobatga olinadi.

Bugungi kunga qadar qonunchilikda yer uchastkalarini qaysi hollarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish mumkinligi aniq ko‘rsatilmagan edi. Shuningdek, “davlat va jamoat ehtiyojlari” tushunchasining aniq ta’rifi ham yo‘q edi.

Bunday holat amaliyotda yer uchastkalarini “davlat va jamoat ehtiyojlari uchun” degan ibora bilan olib qo‘yib, boshqa tadbirkorlik subyektiga berish hollari uchrar edi. Mazkur huquqiy bo‘shliq mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilinishiga va aholida haqli e’tirozlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lar edi.

Huquqni qo‘llash amaliyotida bir xillikni ta’minlash maqsadida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishning aniq holatlari Farmon bilan belgilab berilmoqda. Shuningdek, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan boshqa hollarni belgilashda Vazirlar Mahkamasining vakolatlari cheklanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

O‘zA
4 867