O‘zA O`zbek

07.08.2018 12:00 Chop etish versiyasi

“Buyursin” yorlig‘ida sotilayotgan erkaklar ko‘ylaklari Chiroqchida tikilmoqda

“Buyursin” yorlig‘ida sotilayotgan erkaklar ko‘ylaklari Chiroqchida tikilmoqda

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Chiroqchi buyursin tekstil” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan erkaklar kiyimi yuqori sifati va dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

– Faoliyatimizni 2007-yilda kichkina sexda boshlaganmiz, – deydi korxona rahbari G‘anisher Jalolov. – Uskunalar ham, ishchilar ham kam edi. Tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, asta-sekin faoliyatimizni kengaytirdik. Mahsulot sifatiga qaratilgan alohida e’tibor samarasini berdi, mijozlar ko‘paydi. Shunga monand ishlab chiqarish hajmi ham oshdi. Ayni paytda seximizda 60 zamonaviy tikuv dastgohi ishlab turibdi. 60 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlarimiz boshqa viloyatlar va poytaxtimizdagi bozorlarda sotilmoqda. Daromadimiz ham shunga yarasha.

“Buyursin” yorlig‘i ostida sotilayotgan erkaklar ko‘ylaklari choklarining mustahkamligi, matosining pishiqligi bilan ajralib turadi. Korxona a’zolarining ta’kidlashicha, faoliyatni takomillashtirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Masalan, sifatli mato hali ham poytaxtdan keltirilmoqda. Bundan tashqari, korxona hozirgacha ijarada faoliyat yuritadi. Bu esa mahsulotlar tannarxiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.

– Bugun davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga yetarlicha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi korxona ish yurituvchisi Zayniddin Yoqubov. – Bundan samarali foydalanish kerak. Shuning uchun tuman hokimligiga yer so‘rab, bir necha bor murojaat qildik. Mutasaddilar kelib sharoitimizni o‘rganishdi, tumandagi sanoat zonasidan yer ajratiladigan bo‘ldi. Tijorat banklariga 600 million so‘m kredit olish uchun hujjat topshirdik. Bu ishlar ham hal bo‘lish arafasida. Nasib etsa, ushbu mablag‘ga korxona binosi qurilishini boshlaymiz. Tabiiyki, xorijdan zamonaviy va tejamkor tikuv dastgohlari keltiriladi. Mazkur loyiha amaliyotga to‘liq tatbiq etilsa, yana 30 nafar xotin-qiz doimiy daromad manbayiga ega bo‘ladi.

Tadbirkorlikda hikmat ko‘p. Boisi, tadbirkor omilkorlik bilan qilayotgan ishlari orqali ham o‘zini, ham davlatni boy qiladi. Yangi ish o‘rinlari yaratish orqali bugungi kunda eng muhim masala – aholi bandligiga hissa qo‘shadi. 

O‘.Barotov, O‘zA
2 339