Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 14:35 Chop etish versiyasi

Buyuk so‘z san’atkoriga ehtirom

Buyuk so‘z san’atkoriga ehtirom
9-fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlab “Avlodlar qalbida mangu barhayot”, deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Termiz san’at kolleji bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori O.Ro‘ziyev, Termiz tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Nuriyev, adabiyotshunos B.Umrqulov va boshqalar Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki jahon adabiyotida ham alohida mavqega ega ekani, uning ezgu g‘oyalar bilan sug‘orilgan ijodi barcha makon va zamonlar uchun birday ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Buyuk mutafakkirning tinchlik, ezgulik, do‘stlik, muhabbat, adolat, komillik kabi ezgu fazilatlar ulug‘langan asarlari yoshlarni Vatanga daxldorlik, vafo va sadoqat, bag‘rikenglik ruhida kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda.

1.jpg

Alisher Navoiy ijodi Afg‘oniston Islom Respublikasida ham sevib mutolaa qilinadi. 

– Millatim turkman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Muhammad Islom Qorizoda. – Faryob viloyatining Anduxiy tumanida tug‘ilib o‘sganman. O‘zbek tiliga mehrim baland. Ayniqsa, Alisher Navoiy g‘azallarini o‘qish jonu dilim. Buyuk so‘z san’atkori asarlarida vafo, sadoqat va mardlik kabi yuksak insoniy fazilatlar nozik tashbehlarda ifodalangani meni hamisha maftun etgan. Qalbimga osudalik bag‘ishlab, kelajakka ishonch uyg‘otgan. O‘zimiz tayyorlagan sahna ko‘rinishida Alisher Navoiy siymosini yaratganimdan faxrlanaman.

Adabiy-badiiy kechada Termiz san’at kolleji o‘quvchilari buyuk shoir g‘azallari asosida aytiladigan qo‘shiqlar ijro etdi. Afg‘onistonlik talabalar tomonidan Alisher Navoiy asarlari asosida tayyorlagan sahna ko‘rinishi namoyish etilib, g‘azallaridan namunalar o‘qildi.

2.jpg

– Bolaligimdan buyuk ajdodimizning “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy” asarlarini uyda mustaqil mutolaa qilganman, – deydi Juzjon viloyati Shibirg‘on shahridan kelgan talaba Asadullo Aziziy. – Bu asarlar kitob javonimizdagi eng mo‘tabar ma’naviy boyligimizga aylangan. Mamlakatimizdagi notinchliklarga qaramay, bir necha yil muqaddam ulug‘ ajdodimizning Hirot shahridagi maqbarasi O‘zbekiston rahbariyati tomonidan rekonstruksiya qilinib, obod maskanga aylantirilgani barchamizni quvontirgan edi. Mana endi o‘zim tinch va osoyishta O‘zbekiston zaminida Alisher Navoiy asarlarini yanada chuqur o‘rganish, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish baxtiga erishib turibman. Bugungi tadbirda Xisrav Parvez obrazini talqin etdim. O‘zbekistonlik yoshlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlar ham bizda boy taassurot qoldirdi.

– Alisher Navoiyni butun dunyo xalqlari tinchlik va ezgulik kuychisi sifatida ulug‘laydi, – deydi Termiz san’at kolleji o‘qituvchisi Tolmas To‘rayev. – Qo‘shni davlat o‘g‘il-qizlarining buyuk bobomiz merosiga qiziqish va intilishi kishini behad quvontiradi. Ular yaratgan sahna ko‘rinishlarida, g‘azal va ruboiylarini ifodali o‘qishda bu jihatlar alohida ko‘zga tashlandi. Shuningdek, mazkur tadbir mamlakatlarimiz yoshlarini hazrat Navoiy yuksak pardalarda tarannum etgan ezgu insoniy maqsadlar atrofida birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Qiziqarli mushoiralarga boy o‘tgan adabiy-badiiy kecha doirasida Alisher Navoiy asarlari va afg‘onistonlik talabalarning allomaga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA
3 771