Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 19:53 Chop etish versiyasi

Buyuk shoir ijodi va yoshlar ma’naviyati

Farg‘ona davlat universitetida “Globallashuv sharoitida Alisher Navoiy ijodini o‘rganishning ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, adabiyotshunos olim, akademik B.Nazarov va boshqalar Alisher Navoiyning o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, asarlaridagi teran ijtimoiy falsafa mohiyati, buyuk mutafakkir ijodining insonlar o‘rtasida mehr-oqibat va samimiyat tuyg‘ularini mustahkamlashdagi ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish, uning yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga singdirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ulug‘ adibning boy ma’naviy merosi shu qadar keng va salmoqliki, unda hayot hodisotlari, inson turmushi, ichki kechinmalari bilan bog‘liq barcha mavzular mohirona qalamga olingan. Shoir o‘quvchi e’tiborini eng muhim tushunchalarga qaratadi. Ularning har biriga alohida urg‘u beradi: saxovat, adab, qanoat, vafo, ishq, rostlik kabi insoniy fazilatlar teran sharhlanadi. Alisher Navoiy insonni ulug‘lab, uning ko‘ngli muqaddas ekanini ta’kidlaydi. Ayni paytda inson bu hayotda yaxshi nom qoldirishi, umrini ezgu ishlar bilan bezashi muhimligini uqtiradi.

– Bugungi globallashuv davrida Alisher Navoiy merosiga qayta-qayta murojaat etish, uning asarlarida o‘z ifodasini topgan insonni kamolotga yetaklovchi ezgu g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Farg‘ona davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Z.Rahimov. – Ulkan so‘z san’atkorining ibratli hayoti va serqirra ijodi barcha zamonlar va makonlar uchun birday hikmat va ma’rifat manbaidir.

Buyuk mutafakkirning boy ijodiy merosi, asarlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Talabalar tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy kecha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
648






Все о погоде - Pogoda.uz