O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Buyuk ipak yoʻli XXI asrda yangi tashabbus va intilishlar misolida qayta tiklandi

Buyuk ipak yoʻli XXI asrda yangi tashabbus va intilishlar misolida qayta tiklandi

Mamlakatimizning betakror tabiati, boy tarixga ega ekani zamonaviy turizm industriyasini taraqqiy ettirish imkonini beradi.

Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati uchun qayta ochilgani, viza tartibi soddalashtirilishi natijasida mamlakatimiz turizm sohasiga investitsiya kiritish istagida boʻlgan investorlar safi tobora kengayib bormoqda.

Xitoyning Sian shahrida oʻtayotgan Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida Pekin universiteti professori, Xalqaro sayyohlik tadqiqotlari uyushmasi prezidenti U Bixu “Bir makon, bir yoʻl” loyihasiga muvofiq mintaqada turizmni rivojlantirishning ahamiyati, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati haqida OʻzA muxbiriga intervyu berdi.

– Buyuk ipak yoʻli Yevropa bilan Osiyo oʻrtasidagi savdo aloqalarida muhim oʻrin tutgan. XXI asrga kelib, bu tarixiy hamkorlik yangi tashabbus va intilishlar misolida qayta tiklandi.

Bugun Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishi sifatida baholanayotgan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi xalqlar oʻrtasida madaniy-gumanitar sohalarda faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutadi. “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini roʻyobga chiqarishda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikdagi saʼy-harakatlar bugun YUNESKO tomonidan munosib eʼtirof etilmoqda.

Tarixiy Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishi keng jamoatchilik va ilmiy doiralarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Xususan, koʻp sonli Xitoy xalqi qadimiy karvon yoʻli boʻylab joylashgan shaharlar va xalqlar tarixi, madaniyati bilan yaqindan tanishish istagida. Bu esa Buyuk ipak yoʻlining zamonaviy turizm sanoati misolida qayta taraqqiy etishiga imkon beradi. Madaniy muloqot va almashuvlar davlatlar iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun muhim omil boʻladi.

Buning uchun, avvalo, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan davlatlarni ushbu loyihaga jalb qilish, zarur infratuzilmani yaratish va, albatta, keng koʻlamli targʻibot ishlarini amalga oshirish zarur.

Yaqinda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlaringizda boʻlib qaytdik. Jahon tamadduni rivojlanishida alohida ahamiyatga ega bu shaharlar bizda bir umrlik taassurot qoldirdi. Ammo yurtingizda xitoylik sayyohlarni kam uchratdim. Vaholanki, chin oʻlkasi turistlar eksporti boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinda turadi, har yili millonlab xitoyliklar dunyo boʻylab sayohatga chiqadi.

Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlining markazida joylashgan. Bu mamlakat turli din va millat vakillari uchun birdek muqaddas. Shu bois yaqin yillarda turizm sanoati mamlakatingiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanishiga ishonchim komil. Buning uchun esa birgalikda ishlashga, hamkor sifatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

1 105
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA