Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.07.2018 20:28 Chop etish versiyasi

Buyuk adib yubileyiga munosib tuhfa

Buyuk adib yubileyiga munosib tuhfa Mamlakatimizda umumbashariy qadriyatlar kuychisi sifatida e’tirof etilgan Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini munosib nishonlashgaqizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk adibning “Sarviqomat dilbarim” qissasi asosida suratga olinayotgan badiiy film shular jumlasidandir.

“O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasi asosida “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” tomonidan ekranlashtirilayotgan mazkur film Toshkent va Namangan viloyatlari, shuningdek, qisman Qirg‘iziston Respublikasi hududida tasvirga olinmoqda.

Biz ijodiy jarayon bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mamay qishlog‘ida, filmning so‘nggi epizodlari tasvirga tushirilayotgan suratga olish maydonida bo‘lib, kino ijodkorlari bilan suhbatlashdik.

– “Sarviqomat dilbarim” men qo‘l urgan ilk jiddiy va dramatik asar, – deydi iste’dodli yosh rejissyor Sarvar Karimov. – Ayni paytga qadar Xudoyberdi To‘xtaboyev asari asosida bolalarga mo‘ljallangan “Sariq devni minib”, “Sehrli qalpoqcha” kabi komediya janridagi filmlarni suratga olganman. “Sarviqomat dilbarim” esa janr nuqtai nazaridan rejissyordan alohida mas’uliyat talab qiladi. Chunki, bu asar ko‘p tillarga tarjima qilingan, millionlab kitobxonlar o‘qigan. Demak, zimmamizda Chingiz Aytmatov qahramonlari yashab kelayotgan muxlislar qalbida kitob va kino orasidagi tafovutni mohirona topish, klassik asarga va kitobxon e’tiqodiga zarar yetkazib qo‘ymaslik mas’uliyati turibdi. Shuningdek, ijodiy guruh M.Matchonov, B.Yo‘ldoshev, A.Rajabov, U.Qodirov singari tajribali aktyorlar bilan birga, asosan yoshlardan tarkib topgani ham mas’uliyatni ikki hissa oshiradi. Albatta, kitobxon, kino muxlisi va kinoshunos mutaxassislar “Sarviqomat dilbarim”ning zamonaviy talqinini ilk bor yaratayotganimizni e’tiborga olishadi, deb umid qilaman.

Filmdagi bosh qahramon – Asal roliga Qirg‘iziston akademik teatri aktrisasi Madina Talipbek taklif etilgan. Shuningdek Xadicha rolini ham qirg‘iz aktrisasi Elina Abay qizi ijro etmoqda.

– Mening nazarimda Asal sharq ayolining o‘ziga xos timsolidir, – deydi Madina Talipbek. – Kino olinishi munosabati bilan bu qissani qayta-qayta o‘qib, o‘zim uchunko‘plab falsafiy topilmalarni kashf etdim. Asal timsolida muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini, sharq ayolining ichki dunyosi, hayot sinovlari oldidagiqalbning eng murakkab va nozik kechinmalarini qayta tahlil etdim. Bu mening orzuimdagi obraz. O‘zbek kinoijodkorlari ushbu rolga taklif qilishganidan g‘oyatbaxtiyorman. Qirg‘izistonda Toshkent kinomaktabiga juda yuqori baho beriladi. Shunday maktab vakillari safida ijod qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan faxrlanaman.

Film Namangan shahrining Ozod mahallasidagi xonadonlardan birida, shuningdek, viloyat markaziy tug‘ruqxona majmuasi, Yangiqo‘rg‘on tumani qir-adirlari, Chust tumanining G‘ova qishlog‘ida ham suratga olindi.

– Suratga olishning tashkiliy masalalarida qiyinchiliklar bo‘lmadi, – deydi kartina direktori Ibrohim Saidjabborov. – Sababi, viloyat hokimligi tomonidan barcha sharoit yaratib berildi. Katta guruh bilan joydan-joyga ko‘chishda ichki ishlar xodimlari harakat xavfsizligini ta’minladi, shifokorlar salomatligimizni nazoratga olib, zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga shay holda hamisha biz bilan birga bo‘ldi. Qolaversa, ko‘plab tashkilotlar, mahalliy aholi ham qo‘lidan kelgan yordamni ayamadi.

– Bu loyiha yurtimizda bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning turli qirralarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “O‘zbekkino” milliy agentligi Namangan viloyati bo‘limi rahbari K.Sotivoldiyev. – Birinchidan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida madaniy aloqalarni tiklash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, buyuk adibning ijodi kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, kino san’atining rivojlanishida ijodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Filmning premyerasini 2018-yil dekabr oyida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
1 534