O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Buxoroda yurak jarrohligida qo‘llaniladigan stentlar ishlab chiqariladi

Buxoroda yurak jarrohligida qo‘llaniladigan stentlar ishlab chiqariladi

Mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlarni davolashning eng zamonaviy texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda. Miokard infarkti, insult, arterial gipertoniya, yurak toji arteriyasi tomirlarining toraygan yoki yopilib qolgan qismiga maxsus cho‘ziluvchan karkas-stent o‘rnatish shular sirasiga kiradi.

Hozir Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi angiografiya bo‘limida har oy 40 dan ziyod murakkab operatsiya amalga oshirilmoqda. Agar mamlakat miqyosida olinadigan bo‘lsa, ular soni o‘n baravar ko‘p. Albatta, buning uchun zarur bo‘lgan karkas-stentlar xorijdan katta mablag‘ evaziga olib kelinmoqda.

Ana endi bunga hojat qolmadi. Yurak xastaliklarini davolashda zarur bo‘lgan nafaqat koronar stentlar, balki koronar ballonlar va diagnostik kateter va ingrodyuserlar Buxoro shahrida mahalliy tadbirkorlik sub’ekti bilan Janubiy Koreyaning “KFM Co LTD“, “Naonix Sorporation”, “Cvbio”, “Kang & Park Medical Co., LTD”, “Reno medical Co LTD” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Tibtexnika” qo‘shma korxonasida ishlab chiqariladi.

Mazkur innovatsion loyiha amalga oshirilishi munosabati bilan bu yerda tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi vakillari, soha mutaxassislari hamda Janubiy Koreyaning “Cvbio” kompaniyasi prezidenti Bryus Li ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, soha moddiy-texnika bazasining mustahkamlanib borishi samarasida davolashning eng zamonaviy texnologiya va usullari joriy etilmoqda. Bunda jahonning ilg‘or tajribaga ega mamlakatlari bilan hamkorlik muhim omil bo‘lmoqda. Tibbiyot uskunalari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona ana shunday aloqalarning navbatdagi samarasi bo‘ldi. Zavodni barpo etishda loyiha tashabbuskorining 1 million dollari, tijorat bankidan ajratilgan 2,5 million va janubiy koreyalik sheriklarning 1,8 million dollar mablag‘i sarflandi.

Tadbir qatnashchilari korxona faoliyati bilan tanishdilar. “Tibtexnika” sexlarida eng so‘nggi texnologik uskunalar o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari avtomatika asosida amalga oshiriladi.

– Bo‘limimizga har oy yuzlab kishilar murojaat qiladi, – deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi angiografiya bo‘limining kardiologi G‘ulomjon Xolov. – Eng zamonaviy apparatlar yordamida yuqori aniqlikda tashxis qo‘yib, ularning asosiy qismiga salomatligini mustahkamlash borasida malakali tavsiyalar beramiz. Jarrohlik amaliyotiga muhtojlarni esa operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlash kerak, qo‘llaniladigan xorijning karkas-stentlari hamma uchun hamyonbop emas. Ularning o‘zimizda ishlab chiqarilishi juda qulay bo‘ldi. Import qilinadiganlardan bir muncha arzon. Mana, ko‘rib turibmizki, sifati ham mubolag‘asiz xorijnikidan ustun.

Odatda yangi texnologlar bilan ish ko‘rish ancha murakkab. Lekin korxonada bo‘lganimizda sezdikki, yosh mutaxassislar apparatlarni boshqarishni osongina eplashmoqda. Chunki ular korxonani ishga tushirish oldidan sozlash ishlari jarayonida janubiy koreyalik mutaxassislardan tajriba o‘rgandi.

Korxonada hozir kuniga 100 ta karkas-stent va boshqa jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Loyiha quvvatini o‘zlashtirish jarayonida bu ko‘rsatkich ikki-uch baravarga oshadi. Demak, mamlakatimizda bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondiribgina qolmay, istiqbolda yiliga 10 million dollar miqdorida eksport qilish imkoniyati bor. Yana bir muhim jihati shuki, mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyoning 75 foizi mahalliy hisoblanadi. Kelajakda bu ulush yanada oshadi. Demak, mahsulot narxi barqaror bo‘ladi. Yangi loyiha tufayli 84 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Korxonaning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoev so‘zga chiqdi.

523
Erkin YoDGOROV, O‘zA