O‘zA O`zbek

15.09.2018 07:00 Chop etish versiyasi

Buxoroda yoshlar haftaligi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tashabbusi bilan Buxoro viloyatining Buxoro, Qorovulbozor, Shofirkon vaGʻijduvon tumanlarida yoshlar haftaligi oʻtkazildi.

Haftalik dasturi doirasida yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini, sanʼat va adabiyotga qiziqishini oshirish, notinch oilalar farzandlari va jinoyatchilikka moyil boʻlgan oʻsmirlar bilan ishlash, imkoniyati cheklangan bolalar holidan xabar olish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlar muammolarini bartaraf etishga koʻmaklashish masalalariga qaratilgan koʻplab loyihalar oʻtkazildi. Uchrashuv, ochiq muloqot, seminar, mehnat yarmarkalari va sport musobaqalari tashkil etildi.

Shofirkon tumanidagi Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov rahbarlik qilayotgan “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligining dala shiyponida oʻquv-seminar oʻtkazildi. Unda yoshlar murakkab iqlim va choʻl sharoitida qishloq xoʻjalik ekinlari, jumladan, paxtadan yuqori hosil yetishtirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan dehqonlar ish faoliyati bilan tanishdi. Sardorlar yoshlar bilan ishlashda turliyondashuvlar boʻyicha oʻz bilim va koʻnikmasinioshirdi.

– Bunday tadbirlarda bir necha bor qatnashganman, – deydi tumandagi 3-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti raisi Dilnavoz Zoyirova. – Lekin bugun poytaxtdan kelgan soha mutaxassislari, ruhshunoslarinterfaol usulda olib borgan mashgʻulotlar katta taassurot qoldirdi. Ularda har bir oʻquvchining yosh va xarakter xususiyatini, psixologiyasini, oilasidagi muhitni nazarda tutgan holda zarurat tugʻilganda u bilan yakkama-yakka ish olib borish, bolaning yurish-turishi, muammoli vaziyatdan chiqib ketishiga boʻlgan ishonchini oshirishda nimalarga eʼtibor qaratish borasida tajribamni boyitdim.

Maʼlumki, badiiy adabiyot kishi maʼnaviyatini yuksaltiradi, inson xarakterini toblaydi, hayotga teran qarashni oʻrgatadi. Haftalikdoirasida joylarda, jumladan, Buxoro tumanidagi bolalar musiqa va sanʼat maktabida oʻtkazilgan ijodkorlar bilan uchrashuvda bu fikr ustuvor boʻldi. Unda ijodkorlardavlatimiz rahbari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, umuman, kitobxonlikni targʻib qilishga alohida eʼtiborqaratilayotganini taʼkidladi.

– Tadbirda ishtirok etgan bolalar orasida shoirlikka havasmandlar koʻp ekan, – deydi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisiMehrinozAbbosova. – Albatta, uka va singillarimiz hali oʻz ustida koʻp ishlashi, oʻqishi kerak. Yoshlar ittifoqi tuman kengashi qoshida tashkil etilgan ijodkorlar toʻgaragi yosh isteʼdodlarni kashf etishga yordam beradi.

Qorovulbozor tumanida oʻtkazilgan tadbirda hududdagi 8 ta umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻquvchilari ishtirok etdi. Jamoatchilik ishtirokida tantanali suratda 450 nafar bola “Kamalak” bolalar tashkilotiga aʼzolikka qabul qilingani ular xotirasida unutilmas voqea boʻlib qoladi. Tumanda yana bir muhim tadbir – yoshlar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etilib, unda 25 korxona va tashkilot 278 boʻsh ish oʻrni bilan qatnashdi.

– Oʻtgan yili Qorovulbozor sanoat va transport kasb-hunar kollejini bitirganman, lekin ish topolmay yurgan edim, – deydi Nodir Xoʻjayev. – Yarmarkada bu muammom oson hal boʻldi. “Buxoro RealMoto” MCHJga qarashli korxonada texnik qismlarni yigʻuvchi vazifasiga qabul qilindim. Baʼzi tengdoshlarim ushbu korxona qoshida Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasbga qayta tayyorlash kursida ish oʻrganadigan boʻldi.

Haftalik doirasida yugurish marafonlari, futbol musobaqalari, imkoniyati cheklangan bolalar va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar, notinch oila farzandlari bilan suhbatlar oʻtkazildi. Umuman, uch kun davom etgan yoshlar haftaligi dasturidagi barcha loyihalarda 5 ming 600 ga yaqin navqiron avlod vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida orttirilgan tajriba ommalashtiriladi, aniqlangan muammolarni bosqichma-bosqich hal etishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilinadi.

Erkin Yodgorov, OʻzA
1 239