O‘zA O`zbek

07.02.2018 12:19 Chop etish versiyasi

Buxoroda Yevropa davlatlari ipakchilik sanoat parki tashkil etiladi

Buxoroda Yevropa davlatlari ipakchilik sanoat parki tashkil etiladi
Joriy yilning 19-mart kuni Buxoroda Italiya ipak assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Unda Italiya ipak assotsiatsiyasi rahbari Stefana Vitali rahbarligida ko‘plab tadbirkor, investorlarlar, moliyaviy institutlar, OPEC, UNIDO, FAO vakillari ham qatnashishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zAga “O‘zbekipaksanoat” uyushmasidan xabar qilindi.

Sanoat parkini tashkil etish jarayonida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi BMTning bir qator tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda tajriba loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ular kelgusida Turkmaniston, Tojikiston kabi qo‘shni davlatlarga ham tadbiq etiladi.

Ta’kidlash joizki, hozirga qadar sohada Xitoy, Vetnam kabi qirqdan ortiq davlat vakillari bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. Endi Italiya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlar bilan hamkorlik bosqichi boshlanadi.

Yurtimiz azaldan o‘zining ipak mahsulotlari bilan dunyo xalqlariga ma’lum va mashhur bo‘lib kelgan. Ko‘pgina tarixiy manbalarda yurtimiz ipakchilar, hunarmandlar yurti sifatida ta’riflanadi. O‘tgan yili YuNESKO o‘zbek shoyi matolari – atlas va adrasni tayyorlashning qadimiy texnologiyasini nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritgani ham bejiz emas, albatta.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida mamlakatimiz sharoitida pillachilik tarmog‘ida 500 million dollar miqdorida eksport qilish imkoniyati borligi haqida to‘xtalib o‘tgan edi. Albatta, yurtimizda bunday salohiyat mavjud va sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami ham keng.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazilgan “O‘zbek-Evropa Ipak” forumida Stefano Vitali Italiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar ushbu sohada ham rivojlanishi uchun tovar reklamasining roli beqiyos ekanini alohida ta’kidlagan edi.

O‘zA
9 958