O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Buxoroda xorijlik talabalar uchun onlayn darslar boshlandi

Buxoroda xorijlik talabalar uchun onlayn darslar boshlandi

Joriy yilning 26-martidan respublikamizning barcha Talabalar turar joylarida koronavirus sabab oʻz yurtiga qaytmagan xorijiy talabalar uchun onlayn darslar boshlandi.

Buxorodagi 4 ta oliygoh hamda 6 ta kasb-hunar taʼlimi muassasalarida 1270 nafar xorijiy yoshlar tahsil olmoqda. Yoshlarning 634 nafari oliygohlarda, 636 nafari esa kasb-hunar kollejlarida bilim olmoqda. Karantin mavsumida viloyatda qolgan jami xorijlik talabalar 1238 nafarni tashkil etmoqda.

Buxoro davlat Tibbiyot institutidan maʼlum qilinishicha, Buxoro davlat Tibbiyot institutida Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belorus, Pokiston Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Afgʻoniston va Ukraina davlatlaridan jami 309 nafar xorijlik yoshlar tahsil oladi. Mazkur holat tufayli yurtiga oʻz xohishi bilan joʻnab ketmagan 287 nafar talaba institutning Talabalar turar joyida istiqomat qilmoqda. Shulardan 244 nafari turkman talabalari boʻlsa, 43 nafari hindistonlik talabalardir. Ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida barcha zarur choralar koʻrilgan.

Xorijiy talabalarning masofaviy bilim olishi uchun talabalar turar joyida 10 ta auditoriyada parallel tarzda onlayn darslar tashkil etilgan. Taʼlim muassasasi audio va video jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan.

Xorijlik yoshlar onlayn maʼruzalarni oʻz xonalaridan turib kuzatmoqda. Institut professor-oʻqituvchilari esa oliy taʼlim muassasasi bosh korpusining oʻzbek, rus va ingliz tili kafedralarida onlayn darslarni olib bormoqda. Bu, albatta, qiyin sharoitlarda ham oʻquv jarayonining toʻxtab qolishiga yoʻl qoʻyilmaganini koʻrsatmoqda.

– Biz Hindistondan Abu Ali ibn Sino yurtiga tahsil olishga kelganmiz, – deydi hindistonlik talaba Tarun Gangurde Prader. – Aynan pandemiya vaqtida esa biz uchun ham profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan. Xonalarimiz har kun dezinfeksiyalanib, shifokorlar tunu-kun biz bilan birga. Darslardan ham uzilib qolmayapmiz. Zoom dasturi yoʻnalishida onlayn mashgʻulotlar ingliz, rus va oʻzbek tillarida olib borilmoqda. Shu tillardagi kitoblar bilan taʼminlangan. Zoom dasturining afzallik tomoni shundaki, unda bir vaqtning oʻzida yuz nafardan ortiq talabalar onlayn bilim olish imkoniga ega boʻladi. Institut professorlarining maʼruza va taqdimotlarini oʻrnatilgan Wi-fi orqali mobil telefonlar va kompyuter vositalaridan kuzatib boryapmiz. Bizga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdan minnatdormiz.

Oliygoh tomonidan talabalarga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilmoqda. Talabalar turar joyida tibbiyot xonasi ham tashkil etilgan boʻlib, zarur dori vositalari bilan taʼminlangan. Ularning salomatligi shifokorlar nazoratida.

Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi tomonidan Turar joy binolari va atrof-muhitda doimiy ravishda dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda.

1 221
Zarif Komilov, OʻzA