O‘zA O`zbek

10.09.2018 22:55 Chop etish versiyasi

Buxoroda xalqaro biznes forum

Buxoroda xalqaro biznes forum Buxoroda “Agro Business Bukhara” xalqaro biznes forumi oʻz ishini boshladi.

“Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasida biznes yuritishning afzalliklari, shuningdek, viloyatning investitsiya salohiyatini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan forumda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Hindiston, Eron, Isroil, Saudiya Arabistoni, Germaniya kabi 18 mamlakatdan tashrif buyurgan 120 dan ortiq kompaniyalar vakillari, mamlakatimizning barcha hududlaridan 200 dan ziyod xoʻjalik subyektlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forumda har bir tuman va shahar hokimligi, yirik korxonalar uchun ajratilgan pavilonlarda hududlarda yetishtirilgan meva-sabzavot sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi namoyish etildi. Xorijiy investorlar bilan oʻzaro hamkorlikka oid shartnomalarni imzolash boʻyicha muloqotlar boʻlib oʻtdi.

Forum boshlanishi oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etilib, forum va uning mamlakatimiz, xususan, Buxoro viloyatiga investitsiyalar jalb etishdagi ahamiyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Buxoro viloyatida 20 davlat xorijiy investitsiyasi ishtirokida 100 dan ziyod korxona faoliyat koʻrsatmoqda. “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani hamkorlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. EIZda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklari, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish va hududda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasi davlat unitar korxonasi direksiyasi tashkil etildi, EIZ tarkibidagi 3000 gektar maydonning yer xaritasi ishlab chiqildi.

“Buxoro-agro” EIZning faoliyat koʻrsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi. Uning faoliyat koʻrsatish muddati mobaynida hududda alohida soliq va bojxona rejimlari amal qilishi investorlarga qulaylik yaratadi.

Forumda Buxoro viloyatida tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika va biotexnologiyalar, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxonalar qurish, savdo va xizmat koʻrsatish, maishiy texnika vositalari va elektrotexnika jihozlari ishlab chiqarish, turizm, shuningdek, boshqa daromadli sohalarda ishlab chiqilgan investitsion loyihalarni moliyalashtirishda hamkorlik qilishda tegishli imkoniyatlar borligi maʼlum qilindi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar jadal rivojlanayotgan turizm sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtirok etishga taklif qilindi.

Forumning birinchi kuni yakuni boʻyicha brifing tashkil etildi. Unda 180 dan ziyod investorga 1 milliard dollardan ziyod miqdorda investitsiya loyihalari taklif etilgani va sarmoyadorlar bilan 350 million dollarlik shartnomalar imzolangani maʼlum qilindi.

– Biz Peshku tumani hokimligi bilan tuzilgan kelishuv shartnomasiga asosan, umumiy loyiha qiymati 30 million dollarga teng boʻlgan 100 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etamiz, – deydi Janubiy Koreyaning “Geumsan iron and steel Co LTD” kompaniyasi prezidenti Kim Xvan Jung. – Bu yerda bosqichma-bosqich qurilishi rejalashtirilayotgan issiqxonalar uchun zarur uskuna va jihozlar ishlab chiqaradigan zavod ham barpo etamiz.

Xalqaro biznes forum 11 sentyabrda oʻz ishini davom ettiradi. Investorlar bevosita joylarga chiqib, loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishadi.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.Mirzayev, Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) OʻzA
2 156