O‘zA O`zbek

20.07.2019 Chop etish versiyasi

Buxoroda “Qovun sayli” boshlandi

Buxoroda “Qovun sayli” boshlandi

Mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Buxoro shahrida anʼanaviy XXIII “Qovun sayli” bayrami boshlandi.

Yurtimiz, xususan Buxoro dehqonchiligi, uning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan polizchiligi uzoq tarixga ega. “Avesto” asarida ham zaminimizda tilimi tilni yorar bunday noz-neʼmatlar serob boʻlgani aytiladi.

Polizchilikni dehqonchilikning muhim tarmogʻi sifatida rivojlantirayotgan fermer xoʻjaliklari soni koʻpayib borayotir. “Qovun sayli” ular erishayotgan yutuqlarning oʻziga xos taqdimotiga aylandi.

– “Qovun sayli” moʻl- koʻlchilik bayrami, – deydi xaridorlardan biri Nuriddin ota Rajabov. – Seroblik boʻlsa, narx arzon boʻladi. Bu yerda qovunni bozordagidan ancha pastroq narxda olasiz. Qolaversa, dehqonlarimiz uzum, shaftoli va boshqa noz-neʼmatlarni ham taklif etishyapti. Saxovatli mirishkorlarning qoʻllari dard koʻrmasin.

Har bir tuman va shahar uchun ajratilgan va bayramona bezatilgan pavilyonlarda qovunlar oʻziga xos manzarali koʻrinishda namoyish etilgan.

“Qovun sayli” bayrami 22-iyulgacha davom etadi.

3 699
Erkin YODGOROV, Tohir ISTATOV (surat), OʻzA