Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.05.2018 12:00 Chop etish versiyasi

Buxoroda kitob bayrami

Buxoroda kitob bayrami
Buxoro viloyati markaziy madaniyat va istirohat bog‘i har qachongidan ham gavjum. Minglab yoshlar - oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘rta maxsus, kasb- hunar ta’limi muassasalari hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari bu yerda o‘tkazilgan Kitob bayrami tadbirida ishtirok etdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining viloyat hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, madaniyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda badiiy, ommabop ma’rifiy asarlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Buxoro kitob olami”, “Buxoro Sharq” kabi yirik do‘konlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma- savdolarda barcha yosh toifalaridagi kitobxonlar uchun kitoblar savdosi yo‘lga qo‘yildi.

5 (1).JPG

Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot- kutubxona markazi, axborot -resurs markazlarining badiiy asarlar, ularning elektron variantlari taqdimotlari, ularga sharhlar kabi ma’naviy targ‘ibot tadbirlari ham bayram ishtirokchilarida katta qiziqiy uyg‘otdi.

– Oliy o‘quv yurtimizning axborot-resurs markazi boy kitob fondiga ega, – deydi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali talabasi Azizbek Boboyorov. – Unda milliy va jahon adabiyotining eng sara asarlari o‘rin olgan. Ular biz kabi yosh kitobxonlar uchun katta boylik.

Bayram dasturi doirasida viktorinalar, kitob syujeti asosida asfaltga rasm solish tanlovi ham o‘tkazildi.

Tadbir mehmonlari orasida xorijlik sayyohlarni ham ko‘rish mumkin edi.

4 (1).JPG

– Madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi tarixiy va me’moriy obidalarni tomosha qilgani kelib, kitob bayramini ham tomosha qildik, –deydi germaniyalik sayyoh Zeff Markut. – Tarjimon bizga tadbir haqida keng ma’lumot berdi. Mamlakatingizda kitobxonlikni targ‘ib qilishga berilayotgan katta e’tibor ifodasi bo‘lgan bu targ‘ibot bayrami bizda ajoyib taassurot qoldirdi. Bugungi kengayib borayotgan axborot makonida internet alohida imkoniyat. Lekin u badiiy asarlarning o‘rnini bosolmaydi. Kitob bayramida yoshlarning faol ishtiroki ular buni yaxshi tushunayotganini, internetdan ko‘ra bosma nashrlar doimiy yo‘ldosh bo‘lishini anglayotganini ko‘rsatib turibdi.

So‘lim bog‘da adabiyot muxlislari voha ijodkorlari bilan muloqotda bo‘ldi. Uchrashuv mushoiralarga ulanib ketdi.

Targ‘ibot tadbiri viloyat san’atkorlari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlarga hamohangligi bilan ham bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) O‘zA
3 136