Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 12:10 Chop etish versiyasi

Buxoroda ham “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” shiori ostida telemuloqot o‘tkazildi

Buxoro davlat universitetida “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” shiori ostida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligiga bag‘ishlab tadbir, telemuloqot o‘tkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadi ko‘zlangan ushbu telemuloqotda poytaxtimiz va Toshkent viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan buxorolik yigitlar hamda Buxoroda harbiy xizmat o‘tayotgan Toshkent shahri va poytaxt viloyati yoshlari ota-onalari va do‘stlari bilan diydorlashdi.

Tadbir oshkora, dilkash, samimiy suhbat tarzida o‘tdi.

– Armiya barcha tengqurlarim kabi mening uchun ham jasorat va tarbiya maktabi vazifasini o‘tamoqda, – deydi Toshkentda xizmat qilayotgan buxorolik yigit Sodiq Dilmurodov onasi Mahliyo Luqmonova bilan suhbatda. – Harbiy qismimizda xizmatni a’lo darajada o‘tashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Siz va otamning ishonchlaringizni oqlayotganimdan faxrlanaman. Hademay, muddatli harbiy xizmat tugaydi. Lekin shartnoma asosida faoliyatimni davom ettiraman.

– Do‘stim, sen ancha ulg‘ayibsan, – deydi uning do‘sti Mirzabek Toshev. – Egningdagi harbiy kiyimni ko‘rib, ochig‘i, havasim keldi. Nasib etsa, joriy yilda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga hujjat topshiraman.

Muloqotda Buxoroda harbiy xizmatni o‘tayotgan Mirzaakbar Muhammadjonov, Ahrorbek Sotimboyev, G‘ayratulla Qudratov va boshqalar ham yaqinlari bilan muloqotda bo‘ldi, armiya ular hayotida muhim iz qoldirganini ta’kidladi.

Marosimda Buxorodagi harbiy qismlarda konstitutsion burchini o‘tayotgan yigitlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
7 829