Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 19:35 Chop etish versiyasi

Buxoroda “Adolatli qaynona” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 8 qaynona ishtirok etdi.

Ishtirokchilarning farzand tarbiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, partiya faoliyatiga doir bilimi va dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi.

G‘olibni aniqlashda ayollarning o‘z mahallasida tashabbuskorligi, ijtimoiy daxldorligi, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq milliy an’analar, yoshlarning ma’naviyati, madaniyati va ma’rifatini yanada yuksaltirish orqali oilalarda barkamol avlodni ulg‘aytirishdagi ibratli tajribasiga ham e’tibor qaratildi.

Buxoro tumanidan partiya a’zosi Ra’no Hamroyeva birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Totuvlik ko‘p narsaga bog‘liq, – deydi R.Hamroyeva. – Avvalo, uyingizga kelin bo‘lib tushgan qizni o‘z farzandingiz kabi ko‘rishingiz kerak. Uning yangi oilaviy muhitga moslashishiga ko‘maklashish, oilada uchrab turadigan turli kelishmovchiliklarni vazminlik va aql bilan hal qilishga o‘rgatish kerak. Qaynona ozgina ruhshunos ham bo‘lishi shart. Biz mahalla yig‘ini maslahatchisi bilan hamkorlikda oilalardagi muammoli holatlarni ana shu yo‘l bilan hal etishga harakat qilamiz. Keyingi bir yilda hududimizda birorta ham oilaviy ajralish qayd etilmadi.

Jondor tumanidan partiya a’zosi Soliha Qo‘ziyeva ikkinchi, Kogon shahar vakilasi Muhabbat Saidova uchinchi o‘rinni egalladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 717






Все о погоде - Pogoda.uz