O‘zA O`zbek

14.08.2018 12:59 Chop etish versiyasi

Buxoroda 420 oila uyli bo‘ldi

Buxoroda 420 oila uyli bo‘ldi

Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida Buxoro shahrida loyiha qiymati 55 milliard so‘mlik 10 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash orqali hayot sifatini yaxshilashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Ta’kidlash joiz, o‘tgan yil dekabr oyida 7-mavzeda ilk bor jami 252 xonadonli 6 ta ko‘p qavatli uy qurilgan edi. Bu gal esa 420 oilaga yangi uy kalitlari topshirildi. Bu ular uchun chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi.

– Ancha yillardan buyon u joydan bu joyga ko‘chib, ijarada yashab kelayotgan edik, – deydi Buxoro san’at kolleji o‘qituvchisi Nigora To‘rayeva. – Bugun to‘rt xonali o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Bu barchamiz, yaqinlarimiz uchun unutilmas voqea, albatta. Uyning maqbul shartlar asosida berilgani biz uchun katta imkoniyat.

Mavzeda bu kabi yangi uy-joylar qurilishi davom etmoqda. Hududda tegishli infratuzilma obyektlari ham barpo etiladi. Hozir davlat-xususiy sheriklik asosida 150 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Kelgusi yilda 1 ming 176 o‘rinli umumta’lim maktabi ham foydalanishga topshiriladi.

Tantanali tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

E. Yodgorov, O‘zA
1 999