O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Buxoroda 30 ming aholiga xizmat koʻrsatadigan shifo maskani qurilishi nega oqsamoqda?

 Buxoroda 30 ming aholiga xizmat koʻrsatadigan shifo maskani qurilishi nega oqsamoqda?

Aholi ham mutasaddilar ham shifo maskani tezroq ishga tushushini istamoqda. Ayniqsa, bugungi pandemiyali vaziyatda bunday tibbiyot muassasasiga ehtiyoj kun sayin ortib turibdi. Ammo eʼtiborsizlik, ayrim masʼullarning masʼuliyatsizligi ortidan birlamchi qurilib bitkazilishi zarur boʻlgan muassasaning qurilishi yakunlanishi nima uchundir ortga surilmoqda.

Buxoro viloyati Kogon shahrini temir yoʻl vokzali ikki qismga ajratib turadi. Shaharning ichida koʻplab ijtimoiy obyektlar bilan birga zamonaviy shifoxona va kasalxona qad rostlagan. 

Temir yoʻl vokzalining orqa tomonida yashovchi aholiga esa tibbiy xizmat koʻrsatadigan bironta ham shifoxona yoki poliklinika yoʻq edi. Aholining talab va istagi asosida Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “Obod mahalla” Davlat dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini taʼminlash masalalari toʻgʻrisida"gi qaroriga koʻra 2019-yil “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida hududning “Mahtumquli” mahalla fuqarolar yigʻini Xalqobod koʻchasi hududida 250 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika qurilishi uchun 3000 kv. metr yer ajratish toʻgʻrisida shahar hokimining qarori qabul qilindi.

photo_2020-08-05_18-09-14.jpg

Viloyat hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmachi, “Gʻijduvon Zarangari qurilish” ITKT korxonasi bosh pudratchi etib belgilandi.

Xoʻsh, bugungi kunda mazkur shifo maskanining qurilishi qay ahvolda. Uning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishiga nima toʻsqinlik qilmoqda? Biz shu masalada mutasaddilarga murojaat qildik.

– Umumiy qiymati 5 milliard 966 million 27 ming 388 soʻm etib belgilangan mazkur obyektni qurish 2019-yilning bahor oyida boshlangan edi, – deydi “Gʻijduvon Zarangari qurilish” ITKT korxonasi ishlab chiqarish boʻlimi muhandisi Suxrob Sharipov.Korxonamiz tomonidan obyekt qurilishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etildi. Mazkur obyekt 2019-yilning oxirida topshirilishi kerak edi. Korxonamiz hisob raqamiga mazkur obyekt buyurtmachisi tomonidan jami boʻlib 1 milliard 850 million 450 ming soʻm mablagʻ kelib tushdi. Shunga qaramasdan ishimizni rejadan ortda qoldirmasdan bajarishga harakat qildik. Bugun obyektdagi qurilish ishlarining 80 foizi bajarilgan. Pandemiya boshlanishi bilan mazkur obyektda barcha ishlar toʻxtab qoldi. Sababi bajarilgan ishlar buyurtmachi tomonidan oʻz vaqtida moliyalashtirilmadi. Agar obyekt buyurtmachi tomonidan moliyalashtirilsa bir oy ichida barcha ishlar amalga oshiriladi.

photo_2020-08-05_18-09-37.jpg

– Kogon shahar aholisiga sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish, aholining uzogʻini yaqin qilish maqsadida 2019-yil bahor oylarida mazkur oilaviy poliklinika qurilishi boshlangan edi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Ilhom Narziyev. – Mazkur poliklinika shahardagi Zirabod, Nav Zirabod, Xoʻjabargi, Ibn Sino Mahtumquli hududlaridagi 30 ming aholiga xizmat qiladi. Poliklinika zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Mazkur obyektning faoliyati ayni pandemiya avj olgan kunlarda juda ham zarur hisoblanadi.

photo_2020-08-05_18-09-41.jpg

– Hammaga maʼlumki, shahrimizda Temir yoʻl vokzali mavjud, – deydi shahar hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Dilfuza Ergasheva. – Shahrimizda zamonaviy kasalxona va poliklinika mavjud. Lekin mazkur obyektlar shaharning qoq markazida joylashgan. Temir yoʻl kesishmasining narigi tomonidagi aholiga qulayliklar yaratish, uzogʻini yaqin qilish maqsadida 2019-yil “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida qurilishi boshlangan mazkur poliklinika tez vaqt ichida qad rostladi. Lekin bugungi pandemiya davrida zamonaviy qiyofa kasb etgan poliklinikadan samarali foydalana olmayapmiz. Ayrim sabablarga koʻra qurilish ishlari toʻxtab qolgan.

– Hududimizda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi “Mahtumquli” mahalla fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Muhabbat Bashirova. – 865 ta xonadon, 10 ta koʻcha mavjud. Aholimiz poliklinikaga borishi uchun vaqt sarflab temir yoʻl vokzalining narigi tomoniga oʻtishi kerak. Agar mana shu zamonaviy tibbiyot maskani foydalanishga topshirilsa, qariyalar, nogironlar, ayollar oʻz hududidagi oilaviy poliklinikaga qatnar edi. Ayniqsa, bugungi murakkab vaziyatda mazkur tibbiyot maskanining ish boshlashi aholiga suv va havodek zarur. 

Pandemiya butun dunyoni egallayotgan bugungi tahlikali zamonda aholi salomatligini asrash eng muhim vazifalardan biridir. Shunday ekan mazkur shifoxonaning foydalanishga topshirilishi eng muhim masala hisoblanadi. Nahotki mutasaddilar bu masalaning naqadar muhimligini tushunishmasa? Mahalliy byudjet mablagʻidan qurilishi belgilangan mazkur muassasa uchun ajratilgan pullar qayerga ishlatilgan. Axir uni dasturga kiritishdan oldin mablagʻ masalasi ham hal etilgan-ku. Nega oʻtgan yili qurilishi tugallanishi kerak boʻlgan shifo maskani hanuzgacha foydalanishga topshirilmayapti? 

Mutasaddilardan javob kutamiz.


5 216
Zarif Komilov, OʻzA