O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:30 Chop etish versiyasi

“Buxoro tarixi mening foto va kino san’ati yo‘nalishidagi asarlarimning asosiy mavzusidir”

“Buxoro tarixi mening foto va kino san’ati yo‘nalishidagi asarlarimning asosiy mavzusidir” Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining Buxoro viloyati bosqichi yakunlandi.

Tanlovga “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan g‘oyani o‘zida mujassam qilgan, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini, fidoyi zamondoshlarimiz qiyofasini hayotiy misollar asosida ochib beruvchi turli nominatsiyalar bo‘yicha 100 dan ziyod ijodiy ish taqdim etildi.

Bosma ommaviy axborot vositalari nominatsiyasida “Yurt taronalari” manzumasi va “Yangi davr odamlari” nomli badiiy publitsistik maqolalar to‘plami uchun “Qorovulbozor tongi” gazetasi muharriri Bahrom Soliyev, teleradio jurnalistikasi nominatsiyasida “Yurt fidoyilari”, “Muqaddas qadriyatlar”, “Zamindoshlar”, “Vatanni shunchaki sevib bo‘lmaydi” kabi ijtimoiy roliklari uchun jurnalist Salohiddin Fayziyev, badiiy adabiyot yo‘nalishida “Unutilmas siymolar” hujjatli essesi uchun mehnat faxriysi Vali Qahhorov, dizaynerlik yo‘nalishida “Zamonaviy dizayn“ kolleksiyalari uchun Marjona Fatullayeva va kino san’ati yo‘nalishida “Choyxona”, “Buxoroning qadimiy uylari” qisqa metrajli filmlari uchun Behzod Boltayev birinchi o‘rinni egalladi.

– Buxoro tarixi mening foto va kino san’ati yo‘nalishidagi asarlarimning asosiy mavzusidir, – deydi Behzod Boltayev. – O‘zim tug‘ilib o‘sgan qadim shaharning ko‘hna yodgorliklari, guzarlarida bundan bir asr va undan ko‘proq vaqt ilgari qurilgan uylarni suratga olganda shunchaki, tarixiylik nuqtai nazardan yondashmayman, balki ayni paytda ularga zamonaviy nigoh bilan, istiqlol yillarida e’zozlangan milliy qadriyat sifatida qarayman. Qisqa metrajli filmlarim Toshkentda, shuningdek, Shveysariya va Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda alohida e’tirof etilgan. Bugungi tanlovda ham g‘oliblar safida zikr etilganidan g‘oyat xursandman.

Tadbir doirasida viloyat shoir va yozuvchilarining keyingi bir yilda chop etilgan nasriy va nazmiy asarlari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 362