O‘zA O`zbek

04.01.2018 14:21 Chop etish versiyasi

Buxoro shahar markaziy madaniyat va istirohat bog‘i hududida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi

Buxoro shahar markaziy madaniyat va istirohat bog‘i hududida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi Maskanning ochilishiga bag‘ishlangan marosimda Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni keksa avlodga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning manfaatlarini himoya qilish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Zamonaviy va milliy me’morchilik uslublari asosida qurilgan maskanda dam olish, shaxmat-shashka, sport-sog‘lomlashtirish, tibbiyot xonalari, choyxona tashkil etilgan. Boy kitob fondiga ega kutubxona ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

3.jpg

8.jpg

– Viloyatimizda 153 mingdan ziyod mehnat faxriysi istiqomat qiladi, – deydi «Nuroniy» jamg‘armasi Buxoro viloyati bo‘limi raisi S.Husenov. – Ular davlatimiz e’tiborini kundalik hayotida his qilib turibdi va bundan minnatdor. Ayni paytda katta hayotiy tajribaga ega faxriylarimiz ijtimoiy hayotda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etmoqda. Barcha tuman va shaharlarda tashkil etilgan “Nuroniylar maskani” esa bu borada ular imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

“Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro viloyati va shahar bo‘limlari viloyat markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida barpo etilgan “Nuroniylar maskani”da faoliyat ko‘rsatadi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
14 164