O‘zA O`zbek

14.08.2019 Chop etish versiyasi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Yevro-5 standarti talablariga mos yoqilgʻi ishlab chiqariladi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Yevro-5 standarti talablariga mos yoqilgʻi ishlab chiqariladi

1997-yilning 22-avgusti mamlakat yoqilgʻi sanoati tarixida oʻchmas sahifa ochgan sana boʻlib qoldi. Shu kuni Buxoro viloyatining chekka hududi, bepoyon sahro qoʻynidagi Qorovulbozor tumanida neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Toʻrt yil davomida Fransiya, Yaponiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar kompaniyalari hamkorligida bunyod etilib, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan noyob korxonaning ahamiyati katta.

Birinchidan, u respublikamiz istiqlolini mustahkamlashning muhim asoslaridan biri yaʼni yoqilgʻi mustaqilligini taʼminlashga ulkan hissa qoʻshdi. Ikkinchidan, zavod qurilishi oʻz erkini qoʻlga kiritganiga hali koʻp vaqt boʻlmagan davlatimizning oʻtish davrining oʻta ogʻir mashaqqatlariga qaramay, taraqqiyot sari dadil odim tashlashga, ulkan loyihalarga jurʼat bilan kirishga qodirligining namunalaridan biriga aylangan edi.

Avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, aviakerosin, mazut singari 15 turdan ziyod mahsulotlar uning brend talabalariga javob beradi. Ayniqsa, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi turdosh korxonalar orasida birinchi boʻlib aviakerosin ishlab chiqarishni oʻzlashtirgani bilan ajralib turadi.

Albatta, har qanday zavod zamon va taraqqiyot talablariga hamohang boʻlishi kerak. Tabiiyki, davr zavoddan yangilanishni, mahsulot sifatini xalqaro talablar darajasiga koʻtarishni taqozo eta boshladi. Uni amalga oshirishda davlat miqyosida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2018-yil 19-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi agregatlarini modernizatsiya qilish va qayta qurish loyihasi ishlab chiqilishi 2019-yilga moʻljallangan istiqbolli tarmoq investitsiya va infratuzilma loyihalari roʻyxatiga kiritildi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining joriy yil 29-30-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va viloyat faollari ishtirokidagi kengaytirilgan majlis bayonida bu borada aniq vazifalar ilgari surildi.

Yana muhim jihat. Janubiy Koreya Respublikasi Prezidentining 2019-yil aprel oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Buxoro NQZni modernizatsiya qilish va qayta qurish loyihasi boʻyicha “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va SK Engineering&Construction kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Mazkur hujjatga asosan, zavodda umumiy qiymati 553 million AQSH dollariga teng modernizatsiya qilish loyihasiga kirishilmoqda.

Yuqorida tilga olingan bitimga koʻra, bunyodkorlik ishlari natijasida zavod har yili 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlib, isteʼmolchilarga 1,2 million tonna oʻta sifatli benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yoqilgʻisi va 30 ming tonna mazut kabi koʻplab turdagi mahsulotlarni yetkazib beradi.

Korxonani modernizatsiya qilish va qayta qurishni uch bosqichda amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Birinchi bosqich joriy yilda nihoyasiga yetkaziladi. Unga koʻra, Gazoylni gidrotozalash qurilmasining kotalizatori soʻnggi avlod kotalizatoriga almashtiriladi. Hozirgi paytda korxonada Yevro-2 andozali dizel ishlab chiqarilmoqda. Kotalizator qurilmasining yangilanishi tufayli bu turdagi umumiy yoqilgʻining 20 foizi Yevro – 4,5 qolgan 80 foizi Yevro – 3 standartiga mos keladi.

Ikkinchi bosqich 2019 – 2022-yillarga moʻljallangan boʻlib, bunda qoʻshimcha jihozlarni oʻrnatish orqali mahsulot sifati yanada oshiriladi. Aniqrogʻi, Yevro- 4 va Yevro- 5 talablariga javob beradigan yuqori oktanli AI-91, AI-93, AI-95 avtobenzinlarini ishlab chiqarish hajmi koʻpayadi hamda tayyorlanadigan dizel yoqilgʻisining hammasi Yevro-5 xalqaro andozasi darajasida boʻladi.

Korxonani modernizatsiya qilishning soʻnggi bosqichi 2024 – 2025-yillarda amalga oshiriladi. Bu yangilanishning asosiy maqsadi mazutni chuqur qayta ishlashga qaratilgan. Sexlarning yangi texnologik qurilmalar bilan jihozlanishi samarasida chuqur qayta ishlash darajasi hozirgi 79 foizdan 95 foizga yetkaziladi. Natijada ochiq tusli neft mahsulotlari chiqishi 77 foizdan 91 foizga koʻtarilishi kutilmoqda.

Albatta, yangi texnologiyalar hududning ekologik muhitini yanada yaxshilashda ham muhim ahamiyatga ega.

Bular haqida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbariyati tomonidan korxonani modernizatsiya qilish va qayta qurish loyihasi bilan tanishtirishga bagʻishlab jurnalistlar ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi. Muloqotda shuningdek, loyihani amalga oshirish maqsadida zavodda “Oʻzbekneftegaz”, “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyatlari va Buxoro NQZ mutaxassislaridan iborat ishchi guruhining SK Engineering&Construction kompaniyasi vakillari bilan birgalikda loyihaning bank texnik -iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ishlarini olib borayotgani taʼkidlandi.

– Ulkan loyiha tufayli aytish mumkinki, korxonamiz rivojlanishining yangi davri boshlanadi, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktorining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Mustafoyev. – Texnologik yangilanish va istiqbolda xom ashyo barqaror taʼminoti koʻzda tutilayotgani natijasida BNQZ mamlakatni neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlovchi asosiy ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Bundan tashqari loyihaning amalga oshirilishi yuzdan ziyod ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.

Sifatli va serob mahsulot katta daromad, sof foyda demakdir. Bu esa korxonani modernizatsiya qilish va qayta qurishga sarflangan xarajatlarni belgilangan muddatdan ilgari qoplashning muhim omilidir.

1 158
Erkin YODGOROV, OʻzA