O‘zA O`zbek

17.08.2018 15:08 Chop etish versiyasi

Buxoro chizgilari...

Buxoro chizgilari...
Yaqinda Buxoro tasviriy san’at muzeyida tojikistonlik foto san’ati ustasi Alisher Primqulovning 60 dan ziyod asarlaridan iborat "Buxoro chizgilari” nomli ko‘rgazmasi o‘z ishini yakunladi.

Suratlarda ijodkorning Buxoro bo‘ylab qilgan sayohati taassurotlari aks etgan. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlarda ko‘p asrlik tarixga ega Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasini o‘z ichiga olgan Poyi Kalon, shuningdek, Labi hovuz majmualari, qadimiy Ark qal’asi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Sitorai Mohi Xosa saroyi kabi qadamjolar va boshqa osori-atiqalar tasviri muhrlangan.

Suratlarda obidalardagi naqshlarning o‘ziga xos qirralari, milliy bezaklarga alohida e’tibor qaratilgan. Shuning uchun ham ko‘rgazmani nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar ham katta qiziqish bilan tomosha qilgan edi.

Ko‘rgazma doirasida Alisher Primqulov va boshqa mutaxassislar tomonidan buxorolik yosh havaskor suratkashlar uchun mahorat darslari ham tashkil etilgani ahamiyatli bo‘ldi.

– Men Buxoro haqida ma’lumot beruvchi manbalarni ko‘p o‘qiganman, uning ertakmonand qiyofasi haqida ko‘p eshitganman, – deydi Alisher Primqulov. – Bu yerning tarixiy yodgorliklari, qadamjolari, mehmondo‘st insonlari har qanday ijodkorni to‘lqinlantirib yuboradi. Buni o‘zimda his etdim. Qalbimdagi hayratlar suratlarga ko‘chdi. Ijodiy ishlarim san’at ixlosmadlariga manzur bo‘lganidan xursand bo‘ldim. Bu suratlar Tojikistonda ham namoyish etiladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
3 172