O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

“Buvijonim kiygan liboslar” qalblarga iftixor bag‘ishladi

“Buvijonim kiygan liboslar” qalblarga iftixor bag‘ishladi

Jizzaxda “Buvijonim kiygan liboslar” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘ziga xos tarzda tashkil etilgan tadbirda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, o‘qituvchilar, hudud faollari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida xotin-qizlar qo‘mitasi, tibbiyot sohasi xodimlari, nuroniy onaxonlar va mehnat faxriylari “Kiyinish madaniyati”, “Mutaassiblik va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik”, “Milliy urf-odatlar va an’analar”, “Qiz bola odobi”, “Sarishtalik uy – farishtalik uy”, “Ozodalik va poklik – sog‘lik garovi”, “Oilalarda sog‘lom turmush tarzini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish”, “To‘g‘ri ovqatlanish – salomatlik garovi” mavzularida o‘quvchi-qizlar bilan davra suhbatlari tashkil qilindi.

Tadbir davomida umumta’lim maktablari, mahallalar, maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan buvilar, onalar kiygan liboslar, qizlarning uy, maktab, mehmondorchilikda va bayramda kiyiladigan zamonaviy kiyimlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.

Shuningdek, umumta’lim maktablari hamda kollejlarning “Qizlarjon” klublari a’zolari tomonidan o‘z g‘oyalari va qarashlari asosida tayyorlangan milliy, zamonaviy liboslar namoyish etilib, modalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Liboslarda zamonaviylik va milliylik uyg‘unligi, taqinchoq va aksessuarlarning matolar rangiga mosligi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, atlas, adras, beqasam singari matolardan tikilgan milliy liboslarning ko‘rkam va xushbichimligi, o‘ziga xosligi ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

– Tadbirni o‘tkazishdan maqsad, birinchi navbatda qizlarimiz qalbiga milliy liboslar iftixorini singdirish bo‘lsa, ikkinchidan “moda” ortidan quvib, ma’naviyatimizga zid kiyinish “madaniyati”ning salbiy ta’siridan saqlashdir, – dedi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova. – Chunki libos har bir xalq milliy madaniyatini, milliy qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi eng muhim belgidir. Qizlarimizning yuksak faollik bilan qatnashib, o‘zlarining milliy qadriyatlarimizga, momolarimizning umrboqiy udum va an’analariga muhabbatlarini, hurmatlarini namoyish etishlari tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan ezgu maqsad amalga oshganligini ko‘rsatdi.

Tadbirda eng yaxshi qatnashgan qizlardan iborat jamoalar tashkil etilib, “Eng faol jamoa”, “Eng latofatli jamoa”, “Eng yaxshi kuy-libos uyg‘unligi”, “Eng yaxshi sahna ko‘rinishi”, “Eng izlanuvchan jamoa”, “Eng yaxshi tanlangan kostyumlar” kabi o‘ndan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

G‘olib jamoalar a’zolari tanlov tashkilotchilari va homiylarining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

773
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA