Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.10.2017 17:57 Chop etish versiyasi

Butunjahon standartlashtirish kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda ko‘plab korxona va tashkilotlar xalqaro standartlar asosidagi sertifikatlarga muvofiq faoliyat ko‘rsatmoqda. Sifat boshqaruvining rivojlanib borayotgani mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Butunjahon standartlashtirish kuniga bag‘ishlangan «Xalqaro standartlar – global darajada ishonch hosil qilish asosi» mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda ana shular xususida so‘z yuritildi.

Unda «O‘zstandart» agentligi, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, «Sifat» markazi, «O‘zstandart» agentligi qoshidagi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari, olimlar, iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 28-apreldagi «O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sifat menejmenti tizimini barcha hududlarda keng joriy etishda dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, mintaqaviy markazlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy yuqori aniqlikka ega o‘lchash va tekshirish uskunalari bilan qayta jihozlash, boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda. 2017-2020-yillarda «O‘zstandart» agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.

Ushbu anjuman talabalar va tadqiqotchilarga xalqaro standartlarning ahamiyati, o‘zbek paxta tolasining raqobatbardoshligini oshirishda standartlashtirishning o‘rni, to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlarining sifat menejmenti borasidagi ma’lumotlarni yetkazish va ularni ishlab chiqarish korxonalarida foydalanish samaralarini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda metrologiya, standartlashtirish, mahsulot sifati menejmenti, to‘qimachilik mahsulotlari materialshunosligi, ekspertizasi va sifat nazorati, milliy standartlarni xalqaro talablar bilan moslashtirish hamda zamonaviy sifat menejmenti tizimlarini keng joriy etish kabi mavzularga doir ma’ruzalar tinglandi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
3 767






Все о погоде - Pogoda.uz