Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.07.2018 18:30 Chop etish versiyasi

Buta va daraxtlariga bulbuldan boshqa qush qo‘nmaydigan maskanni bilasizmi?

Buta va daraxtlariga bulbuldan boshqa qush qo‘nmaydigan maskanni bilasizmi? Toshkent viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida turizmni rivojlantirish maqsadida 99 milliard so‘mlik 22 loyiha amalga oshirildi. Bu qariyb 380 yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Viloyatda turizm infratuzilmasini yanada yaxshilash, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, ularga har tomonlama qulay sharoit yaratish borasida tizimli ishlar bajarilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 67 mehmonxona, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 120 korxona, 71 sanatoriy va dam olish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Viloyat hokimligining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyatidan ma’lum qilishicha, kelgusi ikki yilda bu kabi turizm rivojiga xizmat qiluvchi obyektlar soni 500 dan oshishi kutilmoqda. Jumladan, 26 mehmonxona, 20 sanatoriy, 22 dam olish maskani, 19 kafe va restoran, 10 agroturizm obyekti, 1 golf maydoni, 372 mehmon uylari va boshqa yo‘nalishdagi 63 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

13.JPG

– 2018-2019 yillarda turizm yo‘nalishida 533 loyihani amalga oshirishrejalashtirilgan, – deydi viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Nizomov. – Ushbu maqsadlar uchun 2 trillion 400 milliard so‘m,jumladan, 48 million 600 ming AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya yo‘naltiriladi. Pirovardida, 5 ming 400 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyihalar to‘liq amalga oshirilgach, viloyat mehmonxonalari quvvati 2 barobar oshadi. Mehmonxonalar yiliga 4 ming 500 ga yaqin, dam olish maskanlari 400 mingdan ziyod, mehmon uylari esa 2 ming 500 sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Turizm industriyasini jadal rivojlantirish borasida bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm yo‘nalishidan olinayotgan daromad salmog‘ini oshirish imkonini beradi. Yakunlangan yarim yillikda sayyohlarga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari hajmi 140 milliard so‘m, turistik xizmatlar eksporti esa 25 million AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshib, 58 million AQSH dollariga yetkaziladi.

14.JPG

Albatta, viloyatda turizmni rivojlantirishga doir rejalar salmoqli. Xo‘sh, bu borada belgilangan loyihalarning amalga oshirilish holati qanday? O‘tgan 6 oyda 22 loyiha, ya’ni umumiy rejaning 4,1 foizga bajarilishi kam emasmi?

– Mustaqillik bayrami arafasida qiymati 126 milliard so‘mlik yana 25 loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan, – deydi viloyat hokimligining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi F.Rahmatullayev. – Loyihalarning deyarli barchasi qurilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, aksariyatida yer ajratish, tekislash, qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, loyihalarni amalga oshirish yuzasidan harakatlar boshlangan.

Viloyat ulkan turistik salohiyatga ega. Ayniqsa, hududning ekoturizm yo‘nalishidagi imkoniyati yuqori bo‘lib, Bo‘stonliq va Parkent tumanlaridagi purviqor tog‘ tizmalari, noyob hayvonot va o‘simlik dunyosi, muqaddas qadamjolar, shifobaxsh buloqlar va mo‘tadil iqlim sayyohlarni doimo o‘ziga jalb etib kelgan. Yoz mavsumida bu joylar yanada gavjum bo‘ladi.

23.JPG

Ma’lumotlarga ko‘ra, Parkent tumaniga kuniga o‘rtacha 1 ming 500 sayyoh tashrif buyurmoqda. Tumanning Kumushkon, So‘qoq, Zarkent, Hisorak kabi tabiati betakror qishloqlariga sayyohlar asosan tog‘ning salqin va toza havosidan bahra olish, shuningdek, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun keladi. So‘nggi paytlarda tuman hududida joylashgan “Fizika-Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutiga ham tashrif buyuruvchi sayyohlar soni ortmoqda.

– Bu yerda avval oilam bilan bo‘lgan edim, endi esa do‘stimni boshlab keldim, – deydi rossiyalik sayyoh A.Pavlov. – Har qancha kelsang arziydigan joy. Chunki, bu kabi majmua yer yuzida ikkita. Biri Fransiyada, ikkinchisi esa O‘zbekistonda. Mana shunday noyob maskanda ekanimizdan xursandmiz. Buni tezroq boshqa do‘stlarimizga ham ulashgimiz kelayapti. Ammo, bu yerda internet tezligi past ekan.

Darhaqiqat, bugungi kun sayyohiga nafaqat tezkor internet, balki shinam mehmonxona, ravon yo‘l, mazali taom, va albatta, ma’lum bir hududning turistik xaritasi, qisqacha aytganda, yaxlit bir turistik infratuzilma kerak.

33.JPG

– Joriy yil tumanimizga 311 ming 500, jumladan, 7 ming 250 xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti hududiy bo‘limi boshlig‘i Z.Yo‘ldoshev. – Ularning maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususan, mehmonxona va umumiy ovqatlanish obyektlari tashkil etish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan maskanlarda internet tezligini yaxshilash, tumanning turistik xaritasi va turistik manzillariga oid bukletlar tayyorlash kabi qator yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Z.Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, tumanning turizm bilan bog‘liq tabiiy imkoniyatlaridan unumli foydalanib, agroturizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Nomdanak qishlog‘ida vino degustatsiyasi shourumlarini tashkil etish uchun 450 ming dollarlik loyiha tatbiq etilayotir. Bu yerda mahalliy va horijiy sayyohlar Parkent uzumini yetishtirish sirlari bilan tanishadi, mashhur uzum sayllari tashkil etiladi. Shuningdek, chet ellik sayyohlar Parkent uzumidan tayyorlangan vino va vino mahsulotlarini tanlash, tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kumushkon qishlog‘ida dengiz sathidan 1 ming 650 metr balandlikda Hazrati Ali buva ziyoratgohi joylashgan. Qishloq odamlarining rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimizning kuyovlari Hazrati Ali shu joyda namoz o‘qigan emish. Ayrim rivoyatlarga ko‘ra, uning qamchisidan, yana ba’zi birlarida qayd etilishicha, hassasidan chinor daraxti ko‘karib chiqqanmish. Bu chinor hozir ham yashnab turibdi. Ushbu muqaddas joyda 5 ta buloq bor. Rivoyatlarga suyanadigan bo‘lsak, ular Hazrat Alining besh panjasidan paydo bo‘lgan. Buloqlardan chiqayotgan suv kumushga to‘yingan bo‘lib, tarkibidagi 60 dan ortiq mikroelementlar oshqozon-ichak kasalliklari uchun g‘oyat shifo sanaladi.

– Bu yerga kuniga o‘rtacha 350 sayyoh ziyoratga keladi, – deydi ziyoratgoh ish yurituvchisi X.G‘iyosov. – Ular uchun ziyoratgohda barcha sharoit yaratilgan. Qishloqda mehmon uylari ishlab turibdi. Ammo yoz mavsumida bu joylar torlik qilib qoladi. Uzoq yo‘ldan keladiganlar, osoyishtalikni xush ko‘ruvchilar uchun ziyoratgohdan teparoqda, dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda mehmonxona barpo etishni mo‘ljallab turibmiz.

Chotqol tog‘ tizmalarida joylashgan Zarkent qishlog‘idagi “Zarkent ota” ziyoratgohi ham sayyohlar va ziyoratchilar bilan gavjum. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ushbu ziyoratgohning o‘ziga xos noyob xislati mavjud. Birinchisi, bu joydagi daraxt va butalarga bulbuldan boshqa qush qo‘nmaydi. Shu bois bu joyni qushqo‘nmas, deb ham atashadi. Rivoyat qilinishicha, asli Shomda tug‘ilgan va zamonasining ilmli kishisi bo‘lgan Sayid Ja’far G‘oziy Zarkentga keladi. Bu yerda u kishiga Hizr alayhissalom uchraydi. Sayid Ja’far G‘oziyning tashnaligini qondirish uchun hassasini toshga uradi va buloq paydo bo‘ladi. Rivoyatda davom ettirilishicha, G‘oziy dushmanlari ta’qibidan xalos bo‘la olmagach, ushbu buloq atrofidagi butazorga kirib ketgan va qaytib chiqmagan. Ikkinchisi, qadamjoning murodbaxshligi va buloq suvining shifobaxshligidir. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu buloq suvidan ichgani uchun qishloqda hali hech kim bo‘qoq kasaliga chalinmagan ekan.

...Parkentga shom cho‘kmoqda. So‘qoqning musaffo havosi, muzdekkina shamoli etni junjiktiradi. Tumanga safarimiz davomida turizmni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani barobarida hali ishga solinmagan beqiyos imkoniyatlar borligiga ishonch hosil qildik.

Avaz Xudoyqulov, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA
1 011