O‘zA O`zbek

08.09.2018 19:58 Chop etish versiyasi

Burama mix, kanselyariya pichogʻi, sunʼiy tish va uy telefonlari toʻxtatib qolindi

Burama mix, kanselyariya pichogʻi, sunʼiy tish va uy telefonlari toʻxtatib qolindi Amaldagi tartiblarga koʻra, respublika hududiga qalbakilashtirilgan mahsulotlar va tovarlarni noqonuniy olib kirishga chek qoʻyish maqsadida bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib oʻtgan joyidagi bojxona organlariga oʻtkazilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati haqidagi maʼlumotni taqdim etishlari shart.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” chegara bojxona postida Xitoydan poytaxtimizdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan konteynerlarni koʻzdan kechirish davomida bojxona qoidabuzarligi fosh etildi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, konteynerlarga 52,6 tonnadan ortiq 13 turdagi xoʻjalik tovarlari ortilgan boʻlishi lozim edi. Ammo, bojxona koʻrigi davomida konteynerdagi yuklar bilan hujjatlardagi maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar koʻzga tashlandi. Natijada, konteynerlarda hujjatlarda koʻrsatilganidan ortiqcha, jami qiymati 337 million soʻmlik 12,5 tonnaga yaqin burama mixlar, 1 tonnadan ortiq kanselyariya ishida foydalaniladigan tigʻ va pichoqlar ortilgani aniqlandi.

“Keles” temir yoʻl chegara bojxona postida ham jismoniy shaxslar tomonidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga doir bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

“Olmota-Nukus” yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi tashish poyezdi vagonlaridan birida qoʻshni davlat fuqarosi yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va ogʻzaki soʻrov paytida maʼlum qilmasdan turib, stomatologiyada qoʻllaniladigan salkam 1800 dona sunʼiy tish va quymalarni olib kirayotganligi aniqlandi. Mazkur tibbiy buyumlarning umumiy qiymati 25 million soʻmdan koʻproqni tashkil etdi.

Bundan tashqari, ayni shu reysdagi yana bir vagon qoʻshni davlat fuqarosi tomonidan ham sodir etilgan bojxona qoidabuzarligiga nuqta qoʻyildi. Ushbu shaxs ham bojxona nazoratidan yashirgancha, qiymati 20 million soʻmdan ortiq boʻlgan 132 dona uy telefoni, 242 dona uyali telefon aksescuari va boshqa turdagi 23 xil tovarlarni olib kirayotgan paytda toʻxtatib qolindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

OʻzA
1 995