O‘zA O`zbek

13.06.2018 19:02 Chop etish versiyasi

Buoydagi savoblarning ajri ulug‘

Buoydagi savoblarning ajri ulug‘
Jizzax viloyatida imom-xatiblar muborak ramazon ayyomining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, odamlarni ma’naviy poklik, yaxshilik, totuvlik va hamjihatlikka da’vat etish bilan birga, bu amallarni bajarishda o‘zlari faollik ko‘rsatmoqda.

Zomin tumani imom-xatiblari tomonidan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar olinib, ularga 22million100 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Jizzax shahar imom-xatiblari Ramazon oyi davomida viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolarining iftorlik dasturxoni taomlarini yetkazib berishdi. Shuningdek, shahar mahallalarining imom-xatiblari tomonidan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga4 million 600 mingso‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilayotgan Mirzacho‘l tumanidagi aholi manzillariga Baxmal tumani imom-xatiblari 10 million so‘mlik, mirzacho‘llik imom-xatiblar 6 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatib, xayrli ishlarga hissa qo‘shdi.

– Muborak Ramazon oyida imom-xatiblar tomonidan olib borilgan diniy-ma’rifiy ishlarda saharlik va iftorlik tadbirlarini ixcham, isrofgarchiliksiz o‘tkazish, muhtoj oilalarga muruvvat ko‘rsatishni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili M.Jabborov. – Bu savob amallarni bajarishda ko‘plab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etgani, ayniqsa, quvonarlidir. Qutlug‘ Ramazon barchani savob ishlarga da’vat etib, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashgaxizmat qilmoqda.

Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan xayrli va savob ishlarda davlat va jamoat tashkilotlari, saxovatpesha insonlar faol ishtirok etayotir.

Jizzax shahrining Do‘stlik mahallasida yashovchi kam ta’minlangan Barno Ko‘chiyevaning oilasiga Sahob Musayev bir bosh qoramol hadya qildi. Baxmal tumanidagi Novqa qishlog‘ilik Xoliqul Abduxoliqov o‘z shaxsiy jamg‘armasidan tayyorlagan ehsoni bilan Jizzax shahridagi 29-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini xursand qildi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Albatta, ezgu ish beminnatligi, oshkor qilinmasligi bilan yanada xayrlidir. Shunday bo‘lsa-da, yaxshi kunlarda yaxshi ishlarni aytish maqsadida o‘zimiz bilgan ayrim fakt va raqamlarni keltirib o‘tdik, xolos.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 865