Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.07.2011 12:29 Chop etish versiyasi

Bunyodkor talabalar shijoati


Suratda: “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati a’zolari. Muhammad Amin (O‘zA) olgan surat.

Mamlakatimiz yoshlari shahar va qishloqlarimizni obodonlashtirish ishlarida ishtirok etish orqali Vatanimiz mustaqilligining 20 yillik muborak to‘yini ko‘tarinki ruhda nishonlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Bunda O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tegishli vazirlik, idora, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati loyihasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil “Bunyodkor” o‘z safiga 35 mingdan ortiq talaba-yoshlarni birlashtirishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar ushbu jamoalarga 13,2 mingdan ortiq yoshlar jalb etilgan. Jumladan, Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 470 nafardan ziyod talaba va mahalla yoshlari Andijon shahrini obodonlashtirish, “Uzumbozor” qurilishi hamda kommunal xo‘jalik ishlarida faol ishtirok etmoqda.

Qarshi muhandislik va iqtisodiyot instituti talabalaridan tuzilgan bunyodkorlar o‘quv binolarini, talabalar turar joylarini, sport-sog‘lomlashtirish majmualari hamda ko‘chalarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, viloyatdagi fermer xo‘jaliklarida paxta, sabzavot va poliz ekinlarini parvarishlashda ham yaqindan ko‘mak berayotir.

– Viloyatimizda talabalarning ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazish va ularni foydali ishga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Islomiddin Abrorov. – Joriy yildagi “Bunyodkor” mehnat jamoalari nafaqat qurilish, obodonlashtirish ishlariga, balki pedagogika yo‘nalishida ham yoshlarni mavsumiy ish bilan ta’minlamoqda. Xususan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bo‘lg‘usi pedagoglar oromgohlarga yetakchi sifatida jalb etilmoqda. Hozirga qadar 350 nafarga yaqin talaba-yoshlar viloyatdagi oromgohlarda yetakchi sifatida ishladi. Bunyodkor talabalar, shuningdek, qishloq va shaharlarimizda barpo etilayotgan maktab, kollej, uy-joylar qurilishida ishchilar bilan yonma-yon turib mehnat qilmoqdalar. Bu ishlar talabalarimizga qo‘shimcha daromad olish, amaliy tajriba almashishda qulay imkon yaratmoqda.


Suratda: Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti talabasi Abdulla Qosimov. Muhammad Amin (O‘zA) olgan surat.

“Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati ishtirokchilari ishdan bo‘sh vaqtida ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan. Mazkur jamoalarda yurtimiz mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “Milliy an’ana va urf-odatlar”, “Zamonamiz qahramonlari”, “Ogohlik – davr talabi”, “Din va yoshlar”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “G‘oyaviy tahdid nima?”, “Bunyodkorlar – yosh musavvirlar nigohida” singari mavzularda ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Bu yilgi mavsumda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatida 5150 nafar talaba va mahalla yoshlarini mavsumiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining bunyodkor talabalaridan iborat jamoasi ulardan biri.

– Yetti yuz ellik nafarga yaqin talabamiz bunday tadbirlarda faol ishtirok etmoqda, – deydi mazkur institut “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Nodir Yo‘ldoshev. – Ular institutimizning o‘quv va laboratoriya binolarini, talabalar oshxonasini ta’mirlash ishlarida quruvchilar safida ish olib borayapti. Jamoaning unumli mehnat qilishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, hordiq chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan “Eng yaxshi mehnat jamoasi”, “Mehnat jamoasining eng faol a’zosi” kabi tanlovlar yoshlarning g‘ayrat-shijoati, qiziqish va intilishlarini yanada oshirmoqda.

– “Bunyodkor” mehnat harakatida ikki yildan buyon ishtirok etaman, – deydi Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining uchinchi bosqich talabasi Bekzod Sultonov. – Institutimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman. Bu harakat biz, yoshlarni birdamlikka, hamjihatlikka undashi bilan birga, kasb-hunar sirlarini puxta egallashimizga ham xizmat qiladi.


O‘zA, Go‘zal Sattorova
15 810






Все о погоде - Pogoda.uz