O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:29 Chop etish versiyasi

“Bunday harbiy texnikalarni faqat kinofilmlarda ko‘rganman”

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlarining Jizzax viloyatidagi harbiy aerodromida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik tumanlaridagi ta’lim muassasalaridan 300 dan ziyod o‘quvchi ishtirok etdi. Ishtirokchilar harbiy texnika va qurol-aslahalar, uchuvchilarning maxsus kiyimi, himoya vositalari, qidiruv-qutqaruv anjomlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

– Hammasi ajoyib, menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Sharof Rashidov tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jo‘rabek Qudratov. – Ilgari bunday harbiy texnikalarni faqat kinofilmlarda ko‘rganman. Bugun esa, mana qo‘lim bilan ushlab ko‘rishim mumkin. Tasavvurim juda boyidi. Harbiy bo‘lish orzuim bugun qat’iy maqsadga aylandi. Buning uchun a’lo baholarga o‘qib, askar akalarim kabi Vatanga sidqidildan xizmat qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Tadbir yakunida Jizzax garnizoni ofitserlar uyi harbiy orkestri hamda 29-Mehribonlik uyi badiiy jamoasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 223